Oqdaryo tuman hokimligi qachon va’dani bajaradi?
2019 yil 14 aprelda viloyat teleradiokompaniyasining "Ochiq muloqot" ko‘rsatuvida Oqdaryo tumani hokimligi, sektor rahbarlari, korxona va tashkilotlar rahbarlariga aholini qiynayotgan muammolar yuzasidan 50 dan ortiq murojaat tushgandi. O‘tgan vaqt davomida mutasaddilar murojaatlarga qay yo‘sinda yechim topdi?
Murojaatlar tahlilidan ko‘rinadiki, savollarning eng ko‘pi yo‘llarni ta’mirlash (12 ta), ekologiya va atrof muhitga zarar yetkazuvchi chiqindilar tashlanishi (6 ta), ta’lim, tibbiyot, kadastr, elektr ta’minoti (4 tadan) va boshqa masalalarda edi. Tuman hokimligidan ma’lum qilishlaricha, murojaatlar mutaxassislar tomonidan joyiga borib o‘rganilgan.
- Mahallamiz tuman markazida bo‘lsa-da, chiqindi tashuvchi maxsus mashinaning aniq grafigi yo‘q edi, - deydi Mustaqillik mahallasida yashovchi Adham Husanov. - Bir necha marta murojaat qilsak ham tuman "Yermulkkadast" korxonasi xodimlari turarjoyimizga kadastr yig‘ma jildi tayyorlashda beparvolik qilayotgandi. Murojaatdan so‘ng har seshanba kuni chiqindi mashinasi keladigan bo‘ldi, uy-joyimizning kadastr hujjatlari ham tayyorlandi. Murojaatimiz o‘z yechimini topdi.
Navro‘z mahallasida yashovchi Sharofat Boltayeva esa nabiralarini maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirishda amaliy yordam so‘ragandi.
- 2 nafar nabiramni 4-maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish uchun 2018 yil aprel oyida ro‘yxatga yozilgandik, - deydi Sh.Boltayeva. - Shuncha paytdan buyon navbat kelmayotganligi tashvishlantirayotgandi. Shu bois murojaat qildim va bir haftada nabiralarim maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashdi.
Tuman fuqarolarining muloqotga yo‘llagan eng ko‘p murojaatlari yo‘llarni ta’mirlash borasida edi. Bundan ko‘rinib turibdiki, tumanda yo‘llarning ahvoli yaxshi emas.
Masalan, "Yangi Ravot-2" mahallasidan Hilola Omonova Sutkent-Qorateri yo‘lini ta’mirlashda yordam so‘ragandi.
- Muloqotdan keyin bir nechta idoralardan kelib yo‘lni rasmga tushirib ketishdi, lekin hozirgacha o‘zgarish bo‘lgani yo‘q, - deydi shu mahallada yashovchi Ra’no Xudoyberdiyeva. - Bu yo‘ldan bolalar maktabga boradi, odamlar foydalanadi. 1995 yilda asfalt qilingan yo‘l ikki tomondagi ariq kovlanishi bilan kichrayib, yaroqsiz holga kelib qoldi. Endi qishda loy, yozda chang bo‘ladi.
Istiqlol mahallasida yashovchi Asror Xidirov esa tadbirkorlik qilish maqsadida kredit olishda yordam so‘ragan.
- "Har bir oila - tadbirkor" dasturi asosida 26 million so‘m imtiyozli kredit olib, asalarichilik bilan shug‘ullanmoqchi edim, - deydi A.Xidirov. - Lekin "Agrobank"ning Oqdaryo tuman filiali xodimlari hanuzgacha ishni paysalga solib kelmoqda. Vaholanki, men ularning va’dasiga ishonib, ta’minotchi korxona bilan shartnoma ham imzolaganman.
- Qishlog‘imizga 1967 yilda simyog‘ochlar o‘rnatilgan, hozir ular xavfli bo‘lib qolgan, - deydi So‘g‘onchi mahallasida yashovchi Keldiyor Abdurazzoqov. - Mahallamizdagi Tepa So‘g‘onchi va Past So‘g‘onchi qishloqlaridagi simyog‘ochlar 1984 yilda almashtirilgan, ammo Qoraxitoy va O‘radin qishloqlaridagi simyog‘ochlar juda ham eskirib ketgan. Shu eski simyog‘ochlarni almashtirishda yordam so‘rab murojaat qilgandim. Ammo murojaatim yuzasidan biror kishi yoki tashkilot vakili kelib masalani o‘rgangani yo‘q.
Tuman hokimligidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, ushbu masalani o‘rganish uchun mas’ullar biriktirilgan va ular 25 aprelga qadar masalaga ijobiy yechim topish choralarini ko‘rishlari belgilangan. Ammo oradan shuncha vaqt o‘tsa-da, birorta mas’uldan darak yo‘q. Nahotki, tuman hokimligi mutasaddilarining va’dasi ko‘rsatuv tugaguncha bo‘lsa.
O‘ktam XUDOYBERDIYEV.