Oqdaryo va Past Darg‘om tumanlarida xurmo mevasini tabiiy quritish yo‘lga qo‘yiladi
Bu haqda Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti axborot xizmati Zarnews.uz’ga xabar berdi.
Ayni kunda Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti, Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti hamda “Yaponiya – O‘zbekiston” assotsiatsiyasi hamkorligida “Samarqandda quritilgan xurmodan foydalangan holda qishloq daromadlarini rivojlantirish” – “Grassroot” xalqaro loyihasi o‘z ishini boshladi.
Institut professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilariga Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti professorlari – Takuya Ban, Satoshi Noma va Yoshika Kavabata xurmoni tabiiy quritish texnologiyasi va bunday quritilgan xurmoning bozor bahosi, daromadi to‘g‘risida keng ma’lumot berdi.
- Loyihadan ko‘zlangan maqsad, xurmo mevasini yetishtirayotgan fermer va dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga quritilgan xurmoni tayyorlashni o‘rgatish orqali qishloq aholisi daromadlarini oshirishga qaratilgan, - deydi institut rektori Shavkat Hasanov.
Dasturga asosan, loyiha 2023-2026 yillar davomida O‘zbekistonda fermer, dehqon va tomorqa xo‘jaliklarida amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilda Oqdaryo va Past Darg‘om tumanlarida joriy etiladi.