Oqdaryoda iqtisodiyotni ko‘tarish, ishsizlikni kamaytirib, aholi daromadining oshirish uchun qanday loyihalar qilinyapti?
Qurilish sohasi bandlik, ish hajmi va soliq tushumlari jihatidan iqtisodiyot sektorida sezilarli o‘rin tutadi. Shu bois, tarmoq rivoji hudud taraqqiyotida ahamiyatli sohalardan biri.
- Tumanimizda 179 ta qurilish korxonasi ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyat yuritmoqda, - deydi Oqdaryo tumani hokimining o‘rinbosari Umid Islomov. – 35 ta korxona ishlab chiqarish hajmi (107 milliard so‘mdan ortiq)ni kamaytirgan. 119 ta korxona «0» hajm ko‘rsatgan, 54 ta korxona ishchilar sonini ikki nafar va undan kam ko‘rsatgan, 114 ta korxona soliq to‘lamagan. Bu korxonalar hisobotlarni kam ko‘rsatgani hisobiga ball kam bo‘ladi va «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimida tenderga kirolmaydi. Tumanda qurilish sohasida 2022 yilda 105 foiz o‘sish kuzatilgan bo‘lsa, ushbu korxonalar ishini to‘g‘ri tashkil etish hisobiga yil yakuni bilan o‘sishni 110,5 foizga yetkazishni rejalashtirganmiz.
Prezidentimizning 2021 yil 3 martdagi qaroriga asosan qishloq xo‘jalik korxonalariga davlat byudjetidan o‘z xo‘jaligida yetishtirgan va sotgan mahsulotlari uchun subsidiya berilishi belgilangan. Ya’ni, 1 kilogramm parranda go‘shti uchun 1000 so‘m, 1 kilogramm mol go‘shti uchun 2000 so‘m, 1 litr sut uchun 200 so‘m, 1 kilogramm «Lasos», «Forel» va «Ostyor» baliqlari uchun 3000 so‘m va boshqa turdagi baliqlarga 1 kilogramm uchun 1000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.
Subsidiya oluvchi va uning kontragenti qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lishi, QQSdan qarzdorligi bo‘lmasligi, mol go‘shtini kushxonada so‘ygan bo‘lishi kerak. Korxona subsidiya olish uchun "my.vetgov.uz" sayti orqali «Chorvanasl» markazi tuman vakiliga elektron ariza yuboradi va ushbu ariza 5 ish kunida tuman komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilishi shart. Komissiya talabgorning ma’lumotlari haqqoniyligini joyida o‘rganib, "my.vetgov.uz" sayti orqali ijobiy xulosani «O‘zbekchorvanasl» agentligiga taqdim etadi, ishonchsiz va noto‘g‘ri ma’lumot aniqlansa, rad etadi.
2021-2022 yillarda tumandagi 17 ta korxona tomonidan komissiyalarga jami 91 ta ariza yuborilgan. Arizalarning 59 tasi kechiktirib ko‘rilgan, 3 tasi rad etilgan, 1 tasiga umuman xulosa berilmagan.
Misol uchun, «Baraka fayz parranda» MChJning 2022 yilda 30,5 million dona tuxum uchun subsidiya ajratish haqidagi arizasi bugungacha ko‘rib chiqilmagan. «Zarafshon lomand-parranda» MChJning 2022 yil 5 noyabrdagi 21,3 million dona tuxum uchun subsidiya ajratish haqidagi arizasi komissiya tomonidan 2023 yil 13 yanvarda ko‘rib chiqilgan.
Umuman, 2021-2022 yillarda tumandagi 15 ta korxonaga «O‘zbekchorvanasl» agentligi tomonidan 21,3 milliard so‘mlik subsidiya ajratish bo‘yicha ijobiy xulosa berilgan. Shundan 14,1 milliard so‘mi to‘lanib, 7,2 milliard so‘mi to‘lanmagan.
Misol uchun, «Zarafshon Lomand parranda» MChJga sotilgan tuxum uchun 2,3 milliard so‘m, «Prestij don» MChJga parranda go‘shti va tuxum uchun 2,1 milliard so‘m subsidiya to‘lanmasdan turibdi.
Viloyat hokimligi ishchi guruhi o‘rganishlari natijasida aniqlangan shu va shu kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Abdullayev lavozimidan ozod etildi.
Tumanda o‘tgan yili 38178,8 tonna qishloq xo‘jalik mahsuloti yetishtirilgan. Joriy yilda esa tuproq unumdorligini oshirish hamda 76 fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 1150 gektar paxta maydonida suv tejovchi texnologiyani joriy qilish hisobiga hosildorlikni 40469,5 tonnaga, 2022 yilga nisbatan 106 foizga oshirish rejalashtirilgan.
O‘tgan yili tumanda 1048,5 tonna go‘sht, 21384,3 tonna sut, 1267,1 ming dona tuxum, 670,5 tonna baliq tayyorlangan. Joriy yilda esa 15 ta loyiha ishga tushirilishi hisobiga ko‘rsatkichlar o‘tgan yilga nisbatan 13,5 foizga oshiriladi.
Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun joriy yilda 2,4 milliard so‘mlik 7 ta issiqxonachilik, 4,6 milliard so‘mlik 4 ta baliqchilik, 2,8 milliard so‘mlik 2 ta quyonchilik hamda 6,5 milliard so‘mlik 5 ta parrandachilik loyihasi ishga tushirilishi hisobiga 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.
- Qishloq xo‘jaligini yanada daromadli tarmoqqa aylantirish uchun joriy yilda sohada ishlab chiqarish hajmi 2 trillion 687 milliard so‘mga yetkaziladi, - deydi tuman hokimligi bosh mutaxassisi Bahodir Suyarov. - Qiymati 74 milliard 839 million so‘mlik 40 ta loyiha amalga oshiriladi. Paxta va g‘alladan qisqartiriladigan 316 gektar maydon ochiq tanlov orqali 1053 nafar aholiga ajratiladi. 31 ta mahalla «Bir mahalla bir mahsulot» tamoyili asosida ixtisoslashtiriladi hamda 11 ta mahallada 11 dona tik artezian quduqlari qazilib, 350 dan ortiq xonadonning 40 gektar tomorqa maydoni suv bilan ta’minlanadi. 62 gektar maydon intensiv sabzavotchilikka ixtisoslashtiriladi va hosildorlik 2 barobarga oshiriladi. Tumandagi 294 gektar eski, samarasiz bog‘ yangilanadi. Yangi loyihalarni ishga tushirish orqali qishloq xo‘jaligida 21,2 mingta, ishga tushirilgan loyihalar va korxonalarda ishchi xodimlarni ko‘paytirish hisobiga 30,1 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Ko‘zlangan maqsad va tuzilgan rejalarning amalga oshirilishi tuman iqtisodiyotini ko‘tarishi, ishsizlikni kamaytirib, aholi daromadining ortishiga xizmat qiladi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.