Oqdaryoda jinsi mato ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi

Oqdaryo tumanida yana bir yirik korxona “Afrosiyob jeans tekstil” MChJ tashkil etildi. Yevropa davlatlaridan keltirilgan eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy dastgohlar yordamida bu yerda yiliga 20 million pogona metr jinsi matosi ishlab chiqariladi. Korxonada ip kalava o‘rash, bo‘yash va to‘qish ishlari amalga oshiriladigan 7 ta sex mavjud bo‘lib, ayni paytda ulardan beshtasi sinov tariqasida ishga tushirilgan. Qolgan sexlarda jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
- Bugungi kunda 250 nafar ishchi-xodim bilan faoliyat olib boryapmiz, - deydi korxona kadrlar bo‘limi boshlig‘i Alisher Qarayev. - Korxonamiz to‘liq ishga tushirilgach, Oqdaryo tumani aholisining yana 500 nafarga yaqin yosh yigit-qizlari ish bilan ta’minlanadi. Ular uchun bu yerda barcha sharoitlar yaratilgan. Oshxonamiz ishlab turibdi. Hozircha bir mahal tushlikda issiq ovqat bilan ta’minlanmoqda. Shuningdek, xodimlarning ishga kelib ketishi uchun avtobuslar ham tashkil etganmiz.
Korxonaga keltirilgan zamonaviy uskunalar kompyuterlashtirilgan bo‘lib ularni boshqarishda o‘ziga yarasha murakkabliklar mavjud. Shuning uchun ham bu yerga turkiyalik mutaxassislar jalb qilingan bo‘lib, ular tomonidan korxona xodimlari uchun amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
To‘lqin SIDDIQOV.
Baxtiyor MUSTANOV (foto).