Oqdaryoda «suyuq oltin» yetishtirilmoqda

Bargida esa efir moylari, alkoloidlar, organik kislotalar, fitosterinlar, vitamin S va oshlovchi moddalar bor. 
Zaytun tibbiyotda inson salomatligini asrashda juda samaralidir. Qolaversa, bu dunyodagi juda uzoq umr ko‘radigan noyob daraxtlardan hisoblanadi. Uning Yaman, Suriya, Ispaniya, Isroilda 2000 yildan ortiq umr ko‘rgan navlari bor. Zaytun yog‘i kimyoviy tarkibi jihatidan ona suti tarkibidagi moyga yaqin turadigan yagona o‘simlik hisoblanadi. Gretsiya, Italiya, Ispaniya kabi yirik davlatlar eng katta daromadlarni aynan shu zaytun moyidan olganlari uchun ham uni "suyuq oltin" deyishadi. 
Mana shunday xazinani yurtimizda yetishtirish uchun ko‘p yillar oldin mahalliylashtirishni Surxondaryo viloyatida sinab ko‘rishgandi. Hozir esa yurtimizning boshqa hududlari qatorida bir necha yil oldin viloyatimizning Oqdaryo tumanida ham zaytunzor tashkil etish ishlari boshlab yuborilgandi. 


- Noyob o‘simliklarni ko‘paytirishga qiziqqanim uchun 2015 yilda o‘z hisobimizdan Turkiyadan har biri 100 AQSh dollaridan 140 dona zaytun ko‘chati olib kelib, xo‘jaligimizdagi 80 sotix maydonga ekdik, - deydi tumandagi «Oqdaryo Mashrabbek» fermer xo‘jaligi boshlig‘i Mavluda Ashurova. – Zaytun daraxti 4-5 yilda hosilga kiradi. Oltinchi yilga borib, har bir ko‘chat 90 kilogramgacha hosil berib, undan 30-35 litrgacha qimmatbaho yog‘ olish mumkin bo‘ladi. Hozirda bu yog‘ning bir litri 80-90 ming so‘mdan sotiladi va to‘liq eksport bo‘ladi. Ikki yil davomida mutaxassislar tavsiyasi asosida kerakli oziqlantiruvchi dorilar berdik. Ammo zaytun parvarishi juda nozik ekan. Chunki bu daraxt 10 daraja sovuq va 40 darajadan ortiq issiqqa chidamsiz. Shuning uchun bu yilgi yoz chillasida ko‘chatlarimizning katta qismi qurib qoldi. Agar ko‘chatlarni asrab qololganimizda 1,5 tonna zaytun mevasi va undan 500 litr yog‘ olishimiz mumkin edi. Bu esa xo‘jaligimizga 40 million so‘mga yaqin dastlabki daromad keltirardi. Shunday bo‘lsa-da, xorijdan valyuta hisobiga kerakli dorilarni keltirdik. Natijada 90 tup ko‘chatni asrab qololdik. Ular hozir boshqatdan yangi nihollar chiqarib, yaxshi rivojlanyapti, faqat hosil berish davri biroz kechikdi. Qolaversa, zaytunni sug‘orishda yumshoq oqar suvdan foydalanish talab etilarkan, xo‘jaligimiz hududida tabiiy oqar suv yo‘qligi uchun artezian suvidan foydalanishimiz ham ko‘chatlar parvarishini ortga surdi. 
Xo‘jalikda 3x5 sxemada ekilgan ko‘chatlar hosilga kirgunga qadar qator oralariga sabzavot va takroriy ekinlar ekiladi. Tabiiyki, sug‘orish sabzavot va mevaga ham birdek ta’sir qiladi. Zaytunlarni qish chillasida sovuqdan asrash uchun ko‘chatlar polietilen plyonka va boshqa shunga o‘xshash jihozlar bilan o‘raladi, ammo yoz chillasida har bir ko‘chatni jaziramadan saqlashning imkoni yo‘q. Qolaversa, namxush iqlimni yaxshi ko‘radigan bu meva to‘liq o‘rnashib, moslashib olmaguncha alohida parvarish lozim. 
- Shu bois uchun zaytunni parvarishlash texnologiyasini o‘zlashtirish uchun farzandlarimni Turkiyadagi zaytunchilik xo‘jaligiga tajriba oshirishga yubordim. Bundan tashqari, kelgusi yildan Xitoydan o‘rib olinadigan tut navlarini keltirishni ham mo‘ljallayapmiz.