Oqdaryoda tabiatga zarar yetkazgan qoidabuzar jarimaga tortildi
Oqdaryo tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi tomonidan tumanning Chorbog‘ MFY hududida reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbir jarayonida fuqaro T.Sh. tomonidan o‘zining texnika vositasi yordamida mazkur mahalladan oqib o‘tuvchi Qoradaryoning muhofaza qismida o‘sib turgan butalarni, ya’ni yulg‘in, jiydalarni ildizi bilan qo‘porib tashlagani aniqlandi.
Bu xatti-harakati bilan fuqaro O‘zbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun talablarini qo‘pol tarzda buzib, tabiatga jiddiy zarar yetkazayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 82-moddasi 2-qismi bilan ma’muriy bayonnoma tuzildi. Ushbu ko‘rilgan huquqiy ta’sir chorasi natijasida fuqaro T.Sh.dan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n barobari miqdorida 2 230 000 so‘m jarima va 669 000 so‘m tabiatga yetkazilgan zarar undiriladigan bo‘ldi.
Bu haqda Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.