Oqdaryolik deputatlar ayrim rahbarlarning axborotini qoniqarsiz deb topdi va qabul qilmadi
Bugun xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi o‘ninchi sessiyasi o‘tkazildi. Sessiyani Kengash kotibiyati mudiri Ch.Ortiqova olib borgan.
Tuman hokimligi axborot xizmatining yozishicha, sessiyada tumanda koronavirus pademiyasiga qarshi kurashish, karantin talablarining to‘liq bajarilishini ta’minlash va karantin talablarini yumshatish doirasida faoliyatiga ruxsat berilgan sohalar, xususan, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va savdo korxonalarida sanitariya qoidalariga qat’iy amal qilinishi hamda aholini dori-darmon vositalari bilan ta’minlash choralari haqida tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi A.Qilichov hamda tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazi bosh vrachi B.Markayevning axboroti eshitildi.
Deputatlar ushbu masalalarni chuqur muhokama qilib, bu borada amalga oshirilgan ishlarni qoniqarsiz deb topdi va axborotlarni qabul qilmadi.