Oqdaryolik shifokorga qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bekor qilindi
2020 yil 12 may kuni Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasining bo‘lim mudiri X.D.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 257-1-moddasi birinchi qismi bilan Samarqand viloyati IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edik.
Unga tibbiy tekshiruvlardan o‘tmasdan 34 kishiga koronavirus infeksiyasini yuqtirgani sababchi qilib ko‘rsatilayotgan edi.
Shundan so‘ng Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot xodimiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi asossiz ekanligini bildirib chiqdi.
Quvonarlisi, ularning bu talabi Bosh prokuratura tomonidan qanoatlantirildi va tibbiyot xodimiga ochilgan ish bekor bo‘ldi.
Bosh prokuratura viloyat IIBni emas, shifokorni himoya qilgani chinakam katta voqeadir. Ilgarilari bunday holatlarni ko‘rmas edik. Bosh prokuror kuchli iroda bilan shifokorni himoya qildi. Ijtimoiy soha vakillarining qadri oshayotgani rost bo‘lsin.
Bu ishda adolat qaror topganidan xursandmiz. Asosiysi, aholi salomatligi uchun fidoyilik ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlarimizga psixologik rag‘batdir.