Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘qigan otasiga shahar olib beradi!

Bu ibora ko‘p hollarda “O‘qib shahar olib berarmiding?” tarzida salbiy ma’noda qo‘llaniladi. O‘qigan, izlangan, kelajagi yo‘lida mehnat qilgan bola albatta ota-onasiga “shahar olib beradi”. Buning uchun boy, ziyoli yoki yuqori mansab egasi bo‘lish shart emas. Bu borada farzandini ilm olishga to‘g‘ri yo‘naltirgan va uning kelajagini hamma narsadan ustun qo‘yganlar sira yutqazmaydi.

Bu haqda fikrlashishdan avval yaqinda internet sahifalarida o‘qigan ikkita misolga e’tiboringizni qaratsam.

Birinchi misol: bundan 28 yil oldin hindistonlik Sundar Pichay ismli yigit AQShning Stenford universitetida o‘qish uchun grant yutadi. Biroq Hindistondan u yerga uchib borishga mablag‘i bo‘lmaydi. Shunda otasi o‘zining qariyb bir yillik maoshiga teng pulga unga chipta olib beradi. Yigit umrida birinchi marta samolyotga chiqib, AQShga uchib ketadi.

2015 yilda Sundar Pichay jahonning eng boy kompaniyalaridan biri Google shirkatining bosh direktori etib tayinlanadi. 2019 yilda uning yillik maoshi 281 million dollarga teng bo‘lgan. Otaning bir paytlar qilgan jasorati, farzandining kelajagi uchun tamal toshi bo‘ldi va o‘z mevasini berdi.

Ikkinchi misol: angliyalik 10 yoshli Tilli Smit ismli qiz BMTda nutq so‘zlagani va uning sharafiga astreoidlardan biri “20002 Tillismit” deb nomlanganini o‘qib qoldim. Bunga sabab u 2004 yilda Hind okeanida yuz bergan sunamida yuzlab kishilarni qutqarib qolgan. Ya’ni, Tilli dengiz bo‘yida ota-onasi bilan dam olayotgan chog‘ida dengizda g‘ayrioddiy to‘lqinni ko‘rgan va geografiya darsida bunday to‘lqindan so‘ng sunami yuz berishi haqida o‘qiganini eslagan. Darhol sayyohlarni ogohlantirib, sohilni tark etishga ko‘ndirgan. Ko‘p o‘tmay sunami yuz bergan...

Xo‘sh, biz bu kabi misollardan o‘zimizga qanday xulosa chiqaramiz. Ayting-chi, bugun farzandingizga qanday tarbiya beryapsiz, u nimalar bilan mashg‘ul, qanday muammolari bor, kelajakda kim bo‘lmoqchi?

Ochig‘i, ko‘pchilik ota-onalar ro‘zg‘or tebratish uchun ishda, ko‘chada yoki uyda biror yumush bilan band bo‘ladi va bola tarbiyasiga kam vaqt ajratadi. Ayniqsa, yosh bolalar tarbiyasiga juda befarq bo‘ladi, faqat qornini to‘ydirsa bas. Achinarlisi, bola yig‘lasa telefon berib ovutishadi. Axir bu harakat bilan farzandlarimiz ongini o‘zimiz zaharlamayapmizmi?

Sir emas, bugun aksariyat yoshlarimiz telefondan boshini ko‘tarmaydi. Bo‘sh vaqtida telegram, imo, instagram, tik-tok, vatsap va shu kabi ijtimoiy tarmoqlarda “yotib oladi.” Shuningdek, ularning bu tarmoqlarda mintalitetimizga zid behayo surat va videolarini va hayot uchun xavfli montajlarni joylashtirganini aytmasa ham bo‘ladi.

Ma’lumotlarga qaraganda, keyingi paytda qonunbuzilish holatlari, oilaviy mojarolar, ajrimlar, kelishmovchiliklar asosan yoshlar o‘rtasida qayd etilgan. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda “Yosh qiz o‘z joniga qasd qildi”, “Maktab o‘quvchisi o‘qituvchisini urdi”, “Farzand ota qotiliga aylandi”, “14 yoshli bola mashina o‘g‘irladi” va boshqa shunday mazmundagi xabarlarga ko‘zimiz tushadi. Bu kabi salbiy holatlarning asosiy sababi oiladagi muhit, e’tiborsizlik va ilimsizlik ekanligini nahotki bilmaymiz.

Bugun farzandlarimizga to‘g‘ri tarbiya bermasak, kitobni sevishga, hunar o‘rganishga yo‘naltirmasak kelajakda ulardan nima kutamiz? Ixtirochi Tomas Edison aytganidek, “Daholarning siri – mehnat, qat’iyatlilik va sog‘lom fikrlashdir”. Yaxshi natijaga faqat orzu bilan erishib bo‘lmaydi. Har qanday yutuq va muvaffaqiyat ortida intilish, izlanish va mehnat turadi.

To‘g‘ri, yurtimizda ham yoshlar o‘qib, izlanib, o‘nlab xalqaro bilim yurtlariga o‘qishga kirmoqda, davlat mukofotlari bilan taqdirlanib, jahon miqyosida ko‘rik-tanlovlarda va sport musobaqalarida g‘olib bo‘lmoqda. So‘nggi uch yilda respublikamiz yoshlari xalqaro tanlov va musobaqalarda besh mingdan ortiq sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib, ko‘plab xalqaro universitetlar talabasi bo‘lgan. Masalan, yaqinda Chust tumanidagi 52-davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Sardor Alojonov muddatidan avval birdaniga to‘qqizta xalqaro oliygoh talabaligini qo‘lga kiritdi.  Bu avvalo, u kabi yoshlarning ilm olishga intilishi, ota-onasining e’tibori, yaratilgan imkoniyatdan to‘g‘ri foydalangani natijasidir. Hech bo‘lmasa, atrofimizdagi ana shunday yoshlardan, ularning ota-onalaridan ibrat olaylik. 

Fazliddin Ro‘ziboyev.