Oqila ayollar hayot darslarini o‘tishmoqda

"Oqila ayollar" harakati faoliyat boshlaganiga ko‘p bo‘lmadi, ammo bu harakat jamiyatda ayolning o‘rni, atrofdagilarga ibrati bilan odamlar orasiga kirib bordi.

Ehtimol, bu harakat a’zolari tog‘ni talqon qilgudek ishlarni amalga oshirmagandir, ammo jamiyatda o‘z oilasini, hayotini, ishini qadrlaydigan xotin-qizlar borligini va ular boshqalarni ham o‘zi bilan yetaklashi mumkinligini ko‘rsatishga harakat qilib kelmoqda.

Samarqandda navbatdagi viloyat "Oqila ayollar" harakati forumida shular haqida so‘z bordi.

Harakat rahbari Jamila Sayfiddinova bugun harakat o‘z atrofida 20 ming nafardan ziyod xotin-qizlarni jamlagan bo‘lib, ularning faoliyati bevosita mahalla faollari bilan hamkorlikda olib borilayotganini ta’kidlab o‘tdi.

- Turmush, ro‘zg‘or yukidan charchagan ayol ba’zida bir og‘iz yaxshi so‘zga, e’tiborga muhtoj bo‘ladi, "Oqila ayollar" harakati a’zolarining o‘tkazayotgan samimiy davralari mana shunday pallada bir oilaga katta yordam berishi, uni turli noxushliklardan asrab qolishi mumkin, - dedi forumda so‘zga chiqqan viloyat hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebo Saidova. – Bugun joylarda harakat a’zolari tomonidan chiroyli ma’naviy davra suhbatlari, oilalarda, dasturxon atrofida o‘tkazgan yig‘inlar ayollar uchun hayotiy mashg‘ulotlarga aylanib bormoqda. 

Forum davomida, shuningdek, oilalardagi turli noxush holatlar, mojarolarning oldini olishda ichki ishlar idoralari, mahalla faollar bilan hamkorlikning ahamiyati xususida ham so‘z bordi. Oila-turmush doirasidagi jinoyatlar sonini kamaytirish yo‘lida "Oqila ayollar" harakati faollari bilan hamkorlikka kelishildi. 

Harakatning faol a’zolari rag‘batlantirildi.