O‘qituvchi va tibbiyot xodimlari uchun 1 million dozadan ortiq grippga qarshi vaksina yetkazib beriladi
Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 26 avgustdagi «Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida mamlakatdagi barcha maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich, umumiy o‘rta ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarining xodimlari markazlashgan tartibda grippga qarshi emlanishi belgilangan. Ularni emlash bo‘yicha ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida ayni kunlarda ishlar davom etmoqda.
Qayd etilishicha, «Dori-darmon» AJ Rossiyaning grippga qarshi vaksina ishlab chiqaruvchilari bilan 1 million dozadan ortiq grippga qarshi vaksinani xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan. Hozirda «Sovigripp» vaksinasining 250 ming dozasi hududlarga yetkazib berilgan.
Bundan tashqari, 15 oktyabrga qadar 40 ming doza, 30 oktyabrga qadar 250 ming doza, noyabr oyida esa 500 ming doza «Flyu-M» vaksinasini yetkazib berish mo‘ljallangan.