O‘qituvchilar attestatsiyadan adolatli o‘tkazilyaptimi?

Ayni kunlarda Samarqand davlat universitetining fizika fakulteti binosida viloyatdagi umumta’lim maktablarining o‘qituvchilari uchun attestatsiya imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda. Bu yil viloyatda 15 343 nafar pedagog attestatsiya jarayonlariga qatnashib, malaka toifalarini oshiradi.

- Imtihonda 75 va undan ortiq ball to‘plagan 1-toifali o‘qituvchilarga oliy toifa beriladi, - dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Samarqand viloyat hududiy bo‘limi bosh mutaxassisi Nizomiddin Odilov. – 65 va undan ortiq ball to‘plagan 2-toifali o‘qituvchilarga 1-toifa beriladi. Agar attestatsiyadan yetarli ball to‘play olmasa, toifasi bir pog‘ona pastga tushiriladi. Muddati kelmagan bo‘lsa-da, o‘z xohishi bilan toifasini oshirmoqchi bo‘lgan talabgor yetarli ball to‘play olmasa, toifasi o‘zgartirilmaydi.

Auditoriya bir vaqtning o‘zida 100 nafar pedagogdan attestatsiya imtihoni olishga mo‘ljallangan bo‘lib, xonaga 100 ta kompyuter o‘rnatilgan. O‘qituvchi kompyuterga ism-familiyasi va maktabini kiritganidan so‘ng, unga ketma-ketlikda savollar beriladi. Savollar tugagach, pedagogning olgan balli ekranda chiqadi va u attestatsiyadan o‘tgan yoki o‘tmaganini o‘sha zahoti bilib oladi. Imtihonda matematika, informatika, kimyo, fizika, biologiya fanlaridan 1,5 soat, qolgan fanlardan esa 1 soat vaqt beriladi.  

- Attestatsiya imtihonidan 78 ball oldim, - dedi Past Darg‘om tumanidagi 105-umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Mahbuba Usmonova. – 2-toifali o‘qituvchi edim, endi 1-toifa olyapman.

- Men esa 67,5 ball olib, 1-toifaga o‘tdim, - dedi Past Darg‘om tumanidagi 23-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Feruza Do‘stmurodova. – Savollar soni 40 ta bo‘lib, darsliklar asosida tuzilgan.

Albatta, imtihonda yetarli ball to‘play olmay chiqayotgan o‘qituvchilarni ham uchratdik. Hovlida darslik o‘qib turgan pedagoglarga ham duch keldik.

Ma’lumot uchun: bugun viloyatdagi umumta’lim maktablarida 56 370 nafar o‘qituvchi bo‘lib, ularning atigi 2,3 foizi oliy, 9,2 foizi 1-toifali, 24,1 foizi esa 2-toifali pedagoglardir.

Xurshida Ernazarova.