O‘qituvchilar attestatsiyadan o‘tadigan kun aniq bo‘ldi

- Joriy yil 25 martdan 1 aprelga qadar oliy va 1-toifaga da’vogar bo‘lgan o‘qituvchilar uchun malaka sinovlari (test) o‘tkaziladi, - deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi kadrlar bo‘limi inspektori Nasiba Sharipova. - Samarqand Davlat universitetida onlayn tarzda tashkil etiladigan jarayonda 2758 nafar o‘qituvchi toifa olish va uni saqlab qolish uchun kurashadi. O‘qituvchilar sinovlarni adolatli va shaffoflik bilan o‘tayotganiga ishonch hosil qilish maqsadida bevosita o‘zlari to‘plagan ballni kuzatib borish imkoniyati yaratildi. Sinovlar bir kunda to‘rt smenada 100 tadan o‘qituvchi ishtirokida o‘tkaziladi. Darvoqe, keyingi toifalar uchun attestatsiya shu yilning iyun oyiga qadar bo‘lib o‘tadi.  

Avval xabar qilganimizdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi birinchi va oliy toifa olish hamda bosh toifani saqlab qolish uchun attestatsiyada qatnashadigan pedagoglar imtihonini nazorat qiladi. Shuningdek, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi keyingi toifalar uchun bilimini sinovdan o‘tkazadigan o‘qituvchilar attestatsiyasida mas’ul bo‘ladi.