O‘qituvchilarda masofadan turib dars berish ko‘nikmasi shakllanmoqda

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan tuzilgan Respublika maxsus komissiyasining joriy yil 21 martdagi yig‘ilishi bayoni hamda Xalq ta’limi vazirining 31 martdagi buyrug‘i bilan o‘qituvchilar o‘z ish faoliyatini masofaviy ta’lim tarzida davom ettirishi belgilandi.

30 martdan O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari uchun masofaviy ta’lim TV-darslar boshlandi. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda tayyorlagan darslar 3 ta kanal orqali namoyish etilmoqda.

Bundan tashqari, har bir o‘qituvchi dars beradigan sinflari bo‘yicha telegram guruhlar tashkil etishi belgilandi. Samarqand shahridagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham shunday guruhlar tashkil etildi. Maktabda 40 ta sinf mavjud bo‘lib, barchasida telegram guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu telegram guruhlarida sinf o‘qituvchilari, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar, direktor va o‘rinbosarlar kiritilgan.

O‘qituvchilar telegram guruhlari orqali televizion darslarda o‘tilgan mavzu yuzasidan qo‘shimcha tushuntirish, savollarga javob berish va uy fazifalarini bajarishga ko‘maklashmoqda.

O‘qituvchilar kunlik onlayn dars jadvali to‘g‘risidagi ma’lumotni bir kun oldin o‘quvchilarga yuborib, ularga ma’lum qilmoqda. Har bir o‘qituvchi o‘z fani bo‘yicha televizion darslarni muntazam kuzatib borib, darslar tugagach, o‘tilgan mavzu yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlarni o‘quvchilarga yubormoqda. O‘quvchilar “Uyda qoling!” shiori ostida turli xil ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok yetmoqda.

Nilufar SALOMOVA,

Samarqand shahridagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi.