O‘qituvchining qalbi va quroli fidoyilik va halollik bo‘lishi shart

Ota-bobolarimiz qadimda ham kesakni tosh demagan (poydevorga kesak termagan), esi yo‘q kallani bosh demagan (qog‘ozga o‘rab boshliqliqqa qo‘ymagan), nomardning ulushini osh demagan, nohalol luqmani yemagan. Darhaqiqat, yetti iqlimga dars bergan ulug‘larimiz tomonidan aytilgan hikmatlar bejizga yuzaga kelmagan.

Afsuski, bugun yoshlarning qalbiga, ruhiyatiga ibrat hamda toza ilm borishni uddalay olmayapmiz va yoshlarni “quloqsiz”likda ayblashdan qolmayapmiz. Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan hikmati o‘zimizni qanchalik aldamaylik, hozircha bizga o‘z haroratini bermayapti.

Bu uchun bizda shaffof qalb va oshkora muhit kerak. Chunki bugun bashariyat va uning tafakkur dunyosi nafaqat shakl bilan, balki mazmun bilan ham boyib bormoqda. Har qanday millatning intellektual-ma’naviy qiyofasi milliy hamda global pedagogik yorqin muhitda, to‘g‘riligu tenglikda shakllanadi.

Hozirda mamlakatimizda ta’lim tizimi ham mazmun-mohiyati, ham shaklan mantiqiy yangilanayotgani xalqimizning qalbida kelajakka umid uyg‘otmoqda. Hozirgi taraqqiyot bosqichida xalqaro standartlar darajasiga mos keladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj va talab borgan sari oshib bormoqda. Chunki zamon globallashuv jarayonlari ta’sirida bo‘lgan hamda chuqur ijtimoiy-iqtisodiy yangilanish pallasiga kirgan mamlakatlarning ijtimoiy salohiyati va taraqqiyot imkoniyatlari ko‘p jihatdan fan va texnologiyaning rivojlanganlik darajasi, ilmiy-amaliy innovatsiyalarni jamiyatning turli infrastrukturalarida samarali tatbiq qilinayotganligi bilan belgilanishi oydinlashmoqda.

Shuning uchun ham jahon hamjamiyatiga tobora moslashib borayotgan O‘zbekistonda ham ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, ilm-fanni rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, maktabgacha ta’lim va boshlang‘ich ta’limni tubdan isloh qilish hamda bu sohalarning mazmunini xalqaro miqyosda boyitish uchun jiddiy kirishilmoqda. Bu yo‘lda zamonaviy va mustaqil fikrlaydigan, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, bilimli hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlash sifatini ta’minlash talab etilmoqda.

Ammo bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi shuni yaxshi anglab turibdiki, ta’lim tizimida o‘qitishni tashkil etish jarayoni, ta’lim berayotgan professor-o‘qituvchilar tomonidan fan mazmunini yetkazish va ta’lim olayotgan talabalarni o‘zlashtirishi hamda ularning bilimini to‘g‘ri baholash tizimi talab darajasida emas. Shuningdek, o‘quv jarayonini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish borasida ta’lim dasturlari mazmuni va ularni yangilab borish sur’atlarining bugungi kunda izchil rivojlanayotgani iqtisodiyot tarmoqlari va mehnat bozorining o‘zgaruvchan talablariga to‘laqonli javob bermaydi.

Aslida masala yanada chuqurroq: oliy ta’lim va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari innovatsion va texnologik g‘oyalar bilan fikr almashadigan muloqot markazlariga aylanmagan. Tegishli sohalarda mavjud muammo va kamchiliklarning tizimli o‘rganilmaganligi sohada ilm-fan yo‘nalishlarining rivojlanmasligiga olib keldi. Endi nafaqat respublika doirasida raqobatbardosh, balki xalqaro miqyosda o‘z o‘rniga ega kadrlar tayyorlamas ekanmiz, jahon ilm-fani hamda ta’lim-tarbiyasida tomoshabin bo‘lib qolaveramiz.

Buning uchun bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining global jarayondagi burch va vazifalari texnologiyasini qayta ko‘rib chiqish shart.  Mamlakat taqdirini, Vatan kelajagini xalqaro talablarga javob beradigan yosh kadrlar hal etadi. Rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularda jamiyat hayotini o‘zgartirishga qaratilgan islohotlar avvalo ta’lim tizimidan, bog‘cha, maktab, tarbiya masalasidan boshlanganini ko‘ramiz. Chunki maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Ta’lim va tarbiyaning asosi, poydevori - bu maktab. Maktabni maktab qiladigan kuch esa o‘qituvchilardir.

Masalan, bu borada Singapur tajribasi haqida davlatning sobiq bosh vaziri Li Kuanning so‘zlari eslanadi: «Ko‘pchilik mendan Singapurning rivojlangani haqida so‘rab, shunday savol berishadi: «Qanday qilib ulkan davlatdan ajralib chiqib, mittigina hudud bilan rivojlangan davlatga aylandinglar? Bu «mo‘’jiza»ni qanday amalga oshirdingiz?». Ularga javoban shunday deyman: «Men Singapurda mo‘’jiza yaratmadim. Men faqat Vatanim oldidagi burchimni bajardim, xolos. Davlat byudjetini ta’limga yo‘naltirdim. Muallimni eng quyi tabaqadan Singapurdagi eng yuqori martabaga ko‘tardim. Davlatdagi «mo‘’jiza»larni amalga oshirgan insonlar — muallimlardir. Ular ilm, axloq, mehnat va haqiqatni sevadigan, kamtar avlodni yetishtirib chiqardilar. Buning uchun ulardan minnatdormiz».

Xo‘sh, XXI asr o‘zbek o‘qituvchisining burchi va vazifasi nimadan iborat? Qachon uni fikr qaramligi, tafakkur qulligi tark etadi? Bo‘lajak o‘qituvchining maqsadi-chi? Uning zimmasida qanday mas’uliyat bor? Milliy tarbiya sohasining zukko olimlaridan biri, professor M.Quronov bu borada shunday mulohaza bildiradi: “Millat dardiga darmonni boshqalar emas, uning farzandlari izlaydi, topadi. 150 yildan ortiq bizga, ya’ni mening va Sizning ajdodlaringizga yetkazilgan ma’naviy jarohatlarni milliy mafkura bilan shifolamoq - burchimiz”.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Samarqand davlat universiteti Ulug‘bek madrasasiga vorislikka umid qilyapti. Bu bilan qanday yukni o‘z yelkasiga olayotganligini teran his etayapti. Zotan, ushbu ilm dargohi talabalari uchta xalqaro tilda yakuniy imtihonni topshirgan, yettida halqaro fanlardan faqat a’loga amaliy bilim o‘zlashtirgan, “tanka”si dekan yoki prorektor emas, balki obro‘yi, tafakkuri tiniq el bo‘lgan, bitiruvchilarga dunyodagi yuztalikka kiruvchi eng nufuzli madrasalar mudarrislikka olish uchun oldindan talashgan. Demak, biz SamDU o‘quvxonalariga Ulug‘bekning kamida 1018 ta yulduzlariday ravshan shamlarini yoqishimiz, olam ahliga madrasaning bilimini bera oladigan zukko olimlarimiz tafakkuri bilan boqishimiz shart.

Rustam Xolmurodov aytganidek: SamDU va yurtimiz yoshlari  birovlarning etagini emas, balki g‘olib yurtimizning bayrog‘ini ko‘zga surtadi. Raqiblarini johilligi bilan emas, halolligi hamda jahon ilm maydonida – Ulug‘bek yulduzlari osmonida, fanlar va texnologiyalar sohasidagi bilog‘onligi bilan turtadi...

Faxriddin ShODIYeV,

SamDU boshlang‘ich ta’lim nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri, filologiya fanlari nomzodi.