O‘quv yilining tugashi arafasida maktabda DXX Chegara qo‘shinlari harbiy orkestri tomonidan konsert dasturi uyushtirildi
Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus asosida joylarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, DXX Chegara qo‘shinlari tomonidan mazkur yo‘nalishda muayyan ishlar amalga oshirilib, umumta’lim maktablari rahbariyati bilan hamkorlikda turli tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 227-umumta’lim maktabida “Biz iqtidorlilarmiz” shiori ostida o‘tkazilgan tadbir ham shular jumlasidandir. DXX Chegara qo‘shinlari harbiy orkestrining musiqiy dasturi bilan boshlangan tadbir o‘quvchilarning milliy va xorijiy musiqalari ohangida badiiy chiqishlariga ulanib ketdi.

- O‘quv yilining tugashi arafasida bizga DXX Chegara qo‘shinlari harbiy orkestri tomonidan konsert dasturining uyushtirilishi kayfiyatimizga bayramona zavq qo‘shdi, - deydi Yoshlar ittifoqi Yashnobod tumani mahalliy kengashi tomonidan taqdirlangan 8-sinf o‘quvchisi A.O‘ktamov.

Tadbir so‘nggida yil davomida fan olimpiadalari, bilimlar bahsida o‘z bilimlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgan hamda maktab qoshida faoliyat yuritayotgan to‘garaklarning iqtidorli o‘quvchilari DXX Chegara qo‘shinlari va hamkor tashkilotlar tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
E.Yadgarov.