Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«O‘rganishdi, o‘rgatishdi, tajriba almashishdi»: «Paxtachi» gazetasi jamoasi «Zarafshon» gazetasi tahririyatida bo‘ldi

Paxtachi tumanining “Paxtachi" gazetasi 50 yildan buyon chop etib kelinadi. Tahririyat ijodkorlari turli yillarda Navoiy viloyati, qo‘shni Narpay, Kattaqo‘rg‘on tumanlari va viloyat "Zarafshon" gazetasi jurnalist-muxbirlari bilan hamkorlik qilib keladi.

An’anaga ko‘ra, gazeta ijodiy jamoasi vakillari «Zarafshon» gazetasi tahririyatiga kelib, bu dargohda faoliyat yuritayotgan hamkasblari bilan uchrashdi, suhbat qurdi, tajriba almashdi. Gazetani qanday maketlashtirish, sahifalash, uning geografik va mazmuni jihatdan rang-barangligini oshirish, shuningdek, telegram kanali va sayt yuritishning tartib-tamoyillari haqida ko‘nikma olishdi, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Ijodiy va texnik xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Viloyat matbuot tarixi muzeyida bo‘lib, gazeta tarixi bilan bog‘liq eksponatlarni ko‘zdan kechirdi. Shu bahona har ikkala gazetalarda faoliyat ko‘rsatgan fidoyi jurnalistlar esga olindi.

- Har qanday ijodkor bu kabi uchrashuvlarda charxlanadi, - deydi »Paxtachi" gazetasi mas’ul kotibi Sherbek Boboqulov. - Muhimi, muxbirni yanada ijodga undaydi, zavq beradi, ilhom va kuch oladi. Biz viloyat gazetalariga berilgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni ko‘rib, havasimiz keldi. Viloyat matbuot muzeyida jurnalistikaning 110 yillik tarixi bilan tanishib, ko‘p jihatlarni o‘zlashtirdik va tumanimizda ham shunday muzey ochishni maqsad qildik.

Husan Eltoyev.