Orifjon Ikromov: “Bir misra umrga bo‘lar andoza”
Shoir, adabiyotshunos olim Orifjon Ikromov 1926 yil 2 sentyabrda Jizzax viloyatining Jizzax tumanidagi Moskva kolxozida tug‘ildi.
1934-1944 yillarda Jizzax shahridagi o‘rta maktabda o‘qidi. So‘ngra Samarqanddagi O‘zbekiston davlat universiteti (O‘zDU)ning filologiya fakultetida tahsil oldi.
1949 yilda universitetni imtiyozli diplom bilan tugatib, O‘zDUning o‘zbek adabiyoti kafedrasi huzuridagi aspiranturaga o‘qishga kirdi, 1956 yilda dotsent bo‘ldi.
Orifjon Ikromov 1956-1962 yillar davomida SamDU o‘zbek adabiyoti kafedrasining dotsenti, dekan o‘rinbosari, fakultet dekani vazifasida ishladi.
1964 yilda u Qarshi davlat pedagogika institutining rektori qilib tayinlandi. 1967 yildan umrining oxirigacha esa Samarqand davlat pedagogika institutining rektori va o‘zbek adabiyoti kafedrasining mudiri bo‘lib ishladi.
Orifjon Ikromov ijodiy kuch-quvvatga to‘lgan bir paytda, 1971 yil 18 iyulda 45 yoshida vafot etdi.
Dastlabki she’riy to‘plami - “Gul fasli” 1970 yilda chop etildi. Shundan keyin shoirning “Yurak to‘lqinlari”, “O‘zbek romanlarida ijobiy qahramon”, “Tanlangan asarlar”i to‘plamlari nashr etilgan.
***
Bahoriston – baxtlar makoni
Erur mangu Vatanim manim
Shu diyorda ko‘rdim jahonni,
Shu diyordir manim chamanim...
Ey, Baxtiston, toleimga sen
Quyosh kabi qorayma aslo.
Dard ko‘rmayin quchog‘ingda men,
Senga aylay jonimni fido!
***
Bir misra bitolmas odamlar ham ko‘p,
Bir misra umrga bo‘lar andoza.
Eh, shoir yaratgan she’rlari bilan,
Bir haykal yaratsa qandayin soz-a!