Orzularni nega qog‘ozga tushirish kerak?

Bugun ancha tanilgan tadbirkor ayollarning tajribasi haqidagi fikrlarini eshitsangiz, aksariyati ishni boshlashdan avval uni qog‘ozga tushirish juda muhimligini ta’kidlaydi.

Xayoldagi rejalar xayolda qolib ketishi mumkin ekan. Xo‘sh, tadbirkorlikni boshlashda bundan tashqari yana qanday ko‘nikmalar muhim? Bugungi kundagi bu borada qanday yangiliklar bor? “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi hamda Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida “Ayollar va biznes: peshqadamlik va tadbirkorlik” mavzuidagi besh kunlik seminar davomida shu va shu kabi savollar atrofida fikrlashildi.

Seminar treningda assotsiatsiyaning Jizzax, Surxondaryo, Sirdaryo, Qashqadaryo, Toshkent viloyati va Samarqand viloyat xududiy bo‘limlari rahbarlari, tadbirkor ayollar ishtirok etdi.

- Ekspertlarimiz tomonidan besh viloyatdan kelgan 27 nafar hududiy bo‘limlarimiz rahbarlariga biznes asoslari, bugungi kunda xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqidagi bilimlari bilan o‘rtoqlashdilar, - deydi “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi loyiha koordinatori Vasila Nishonova. - Asosiy maqsad – mamlakatimiz xotin-qizlarini tadbirkorlikka keng jalb qilish, bu borada yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish, peshqadam ayollar yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish, mintaqaviy yetakchilarning ishbilarmonlik va boshqaruvchanlik malakalarini yuksaltirishdan iborat. 

Assotsiatsiya o‘z yetakchilari ishtirokida xotin-qizlarni tadbirkorlikka, kasb-hunarga o‘rgatish va qayta tayyorlash, axborot va moliyaviy resurslar, axborot texnologiyalardan foydalanish sir-asrorlarini o‘rgatib, xuquqiy va uslubiy  maslahat xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.

- Tumanimizda shu paytgacha tadbirkorlikka qiziqishi bo‘lgan 96 nafar xotin-qiz turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitilib, ularning 54 nafari o‘z ishini boshladi, - deydi Jizzax viloyati, G‘allaorol tumani “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi bo‘limi rahbari Oynisa Qarshiboyeva. – Xotin-qizlar asosan tikuvchilik, parrandachilik, uy hamshirasi kabi yo‘nalishlarda o‘zini o‘zi band qilmoqda.

Bugungi kunda jamoa qator xalqaro tashkilotlar va mahalliy vazirliklar bilan hamkorlikda xotin-qizlarni tadbirkorlikka, kasbga o‘qitish, ularning ijtimoiy mavqelarini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, qishloq xo‘jaligi va sanoatga yangi zamonaviy texnologiyalarni tatbiq qilish, gender tengligini ta’minlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqda.

Ma’lumot uchun aytish mumkinki, bugungi kunda “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi a’zolari soni 16 ming nafardan oshgan.