Oshxonada antisanitariya holat unga kim baho beradi, kim kamchilikni bartaraf etish chorasini ko‘radi?

Bugun Samarqand shahrida oshxonadan ko‘pi bo‘lmasa kerak. Ammo, ular xalqimizga ko‘ngildagidek xizmat ko‘rsatyaptimi? Ushbu umumiy ovqatlanish korxonalarining  sanitariya-gigiyena ahvoli qay darajada? Ularning sanitariya talablari asosida faoliyat yuritish holatini davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlarining mutaxassislari yetarlicha nazorat qila olyaptimi?

Shu kabi savollarga javob topish maqsadida mutaxassislar hamrohligida shahardagi ayrim oshxona va kafelarda bo‘ldik.

“Halovat-madad-fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli A.Rahimov boshchilik qilayotgan somsaxonaga kirganimizda tandirxonada yong‘inga qarshi kurashish vositalari yo‘qligiga guvoh bo‘ldik. Somsa tayyorlash va idish-tovoq yuvish bitta xonada amalga oshirilgani uchun sabzavot mahsulotlaridan qolgan chiqindilar bir joyda saqlanmoqda. Chiqindi qutisi yo‘q. Yemakxona mas’uli M.Majidova oshpaz va xizmatchilarning tibbiy ko‘rik daftarchasini ko‘rsata olmadi. Buning ustiga ular maxsus kiyim bilan ta’minlanmagan.

Har kuni tushlikni shu yerda qilamiz, - deydi «Yoshlar markazi»da faoliyat yuritayotgan to‘garaklar a’zolaridan biri. – Ammo somsa tayyorlaydigan va o‘tirib ovqatlanadigan xonalar bir-biriga yaqinligi uchun yoqimsiz xid kelib turadi. Stollar o‘z vaqtida tozalanmaydi.

Abdurahmon Jomiy ko‘chasidagi “Lega-MS plyus” MChJga qarashli shaurmaxona oshpaz va xizmatchilarining tibbiyot daftarchalarida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida qaydlar boru, ammo daftarchalar qaysi tashkilot yoki oshxona tomonidan berilganligi noma’lum. Bu esa Samarqand shahar 5-son oilaviy poliklinika shifokorlarining mazkur oshxona xodimlarini “sog‘lom” deb bergan xulosasiga shubha uyg‘otadi. Bu yerda ham idish-tovoqlar ovqat tayyorlanayotgan joyda yuvilmoqda. Sanitariya holati ko‘ngildagidek emas.

Shaharning Rayhon ko‘chasidagi N.Oripova rahbarlik qilayotgan “Malakali oshpaz” oshxonasida milliy va yevropacha taomlar tayyorlanar ekan. Maxsus joy bo‘lmaganligi uchunmi sabzavot mahsulotlari yerda aralashib yotibdi. Bu yerda ham xizmatchilarda maxsus kiyim yo‘q. Kabob pishiriladigan qo‘ralar atrofi tozalanmagan. Oshxona oldidagi ariqchani tozalash, u yerda to‘planib qolgan chiqindilarni olib tashlash muassasa mas’ullarining xayoliga ham kelmagan.

- Ayni paytda Samarqand shahrida 330 dan ortiq umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyat olib boradi, - deydi Samarqand shahar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi shifokor-mutaxassisi Jamshid Murodov. - Bugungi kunda DSENM xodimlari tadbirkorlarning faoliyatiga aralasholmaydi. Agar ular ustidan fuqarolardan murojaatlar tushsa yoki noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotgani haqida ma’lumot kelib tushsa, tegishli tartibda borib o‘rganish va chora ko‘rishimizga to‘g‘ri keladi. Umumiy ovqatlanish korxonalarida antisanitariya holati aniqlansa, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 53-moddasiga binoan eng kam ish haqining 1 barobaridan 3 barobarigacha miqdorida jarima undirish belgilab qo‘yilgan. So‘nggi paytlarda fuqarolardan noqonuniy faoliyat yuritayotgan ayrim oshxonalardagi sanitariya-gigiyenaga xilof salbiy holatlar bo‘yicha tushgan murojaatlarni o‘rganib, zarur choralarni ko‘ryapmiz. Joriy yil boshidan buyon 104 ta shunday holat bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirildi.

Shahardagi «Furqatovich» kafesidagi holatni ham yaxshi deb bo‘lmaydi. Chunki, ovqat tayyorlash uchun keltirilgan sabzavotlar shundoqqina oshxonaga kirish yo‘lagida joylashtirilgan.

Taqiqlanganiga qaramasdan ovqat pishirishda maishiy gaz ballonidan foydalanib kelinmoqda.

Oshxonada gaz hidi chiqqan, xavfsizlik choralari ko‘rilmagan. Ovqat tayyorlaydigan xona betartib, pech orqasida ichimlikdan bo‘shagan shishalar va bakalashkalar qalashib turibdi. Oshpaz esa maxsus kiyimsiz ovqat pishirmoqda. Xizmatchilarning birortasida tibbiy daftarcha yo‘q. Maxsus chiqindi qutisi bo‘lmaganidan sababli turli xil chiqindilar duch kelgan idishlarga solib qo‘yilgan.

Xuddi shunday holatni Panjob mahallasidagi «Bobir-Sardor-trayder» oilaviy korxonasiga qarashli oshxonada ham ko‘rdik. T.Sattorov oshpazlik qilayotgan mazkur oshxona antisanitariya holatida. Idish-tovoq yuviladigan joy tartibsiz, toza idishlar va  yuvilmaganlari yonma-yon taxlab qo‘yilgan. Chiqindi tashlanadigan qutidan nima uchun shkaf sifatida foydalanib kelinayotganligiga hech kim izoh berolmadi.

Tadbirkor faoliyatiga to‘sqinlik qilish, ularning ishlariga asossiz aralashish qonun bilan taqiqlangan. Shuning uchun ham barcha mutasaddi tashkilotlar qatori davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mutaxassislari ham huda-behuda ularning eshigini taqillatib bormaydi. Ular faqat noqonuniy ishlayotgan oshxonalar faoliyatini ma’lum muddatga to‘xtatishi va nazorat qilishi mumkin. Ammo, qonuniy ish olib borayotgan tadbirkorlarning hammasi ham ish yuritish tartib-qoidalari, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etmayapti-ku. Ularga o‘z huquq va majburiyatlari, sanitariya-gigiyena qoidalari va qonunchiligimizdagi o‘zgarishlarni kim tushuntiradi? Tadbirkorning faoliyatiga aralashish mumkin emas deb, antisanitariya holatida aholiga xizmat ko‘rsatayotgan umumiy ovqatlanish korxonalarining qonunga zid harakatiga indamay qarab turish kerakmi?...

Dilmurod TO‘XTAYeV.