Oshxonada terminal yo‘q

Qarorda 2017 yil 1 martdan boshlab chakana savdo va aholiga pullik xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlik sub’yektlari, shu jumladan, yakka tartibdagi tadbirkorlar aholidan to‘lovlar plastik kartochkalar orqali qabul qilinishini ta’minlaydigan, o‘rnatish majburiy bo‘lgan hisob-kitob terminallarini o‘rnatmagan taqdirda o‘z faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lmasligi belgilangan edi. O‘tgan vaqt davomida umumiy ovqatlanish maskanlarining terminal bilan jihozlanishi borasida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi? 
– O‘zimiz ijara asosida ishlasak, bizda terminal nima qiladi? – deydi Siyob bozori hududidagi "Chorsu" oshxonasi oshpazi Shavkat Hamdamov. – Oshxonamiz ham kichikkina. Shunday bo‘lsa-da, mijozlarimiz jamoaviy holda plastik kartadan haq to‘lamoqchi bo‘lsa, yaqinroqdagi yog‘ do‘konga o‘tkazaman, chunki undan yog‘ olaman. Lekin men  kartoshka, piyoz, go‘sht kabi boshqa mahsulotlarni bozordan plastik kartochka orqali ololmayman-da. Shuning uchun naqd pulda bozorlik qilib, oilamiz bilan shu oshxonada aholiga xizmat ko‘rsatyapmiz. Agarda hamma kerakli mahsulotni "perechisleniye"ga olishning imkoni bo‘lsa edi, men ham terminal o‘rnatardim.

Viloyat davlat soliq boshqarmasi   ma’lumotiga ko‘ra, hozirda viloyatimizda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan 670 ta umumiy ovqatlanish maskani bor. Ularning 662 tasi bank terminali bilan jihozlangan. Faqat tadbirkorlarning o‘zlari naqd pulga savdo qilish maqsadida terminallarni berkitib qo‘yish holatlari kuzatilmoqda. Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida 2017 yil davomida 111 marotaba nazorat tadbirlari o‘tkazildi va qonunbuzarlarga nisbatan 61,6 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan.

O‘rganish jarayonida bir necha oshxonalar terminal bilan jihozlanmagani, borlarida esa turli sabablarga ko‘ra, ishlamay qolganligiga ham guvoh bo‘ldik. Masalan, Samarqand shahridagi Marmar dehqon bozori hududida ikkita oshxona plastik kartochka orqali mijozlarga xizmat ko‘rsatyapti. Ammo uchinchi tadbirkor terminali bor-u, lekin hozir ishlamay qolganligi to‘g‘risidagi "ertak"ni aytdi. Firdavsiy ko‘chasidagi "Tabaka"xonada esa umuman terminal o‘rnatilmagan. Terminali bor joylarni qidirib, ko‘plab tamaddixona, oshxonalarda bo‘ldik. Ularning aksariyatida plastik kartochka orqali haq to‘lashda muammoga duch keldik.   
– Davlat korxonasida ishlayman, maoshimning aksariyat qismi plastik kartochkamga tushadi, – deydi Ilyos Abdurahmonov. – Gohida yo‘ldan ovqatlanishga to‘g‘ri kelganda terminali bor oshxonani qidirib qolamiz. Afsuski, bunday oshxonalar kam. Borlari ham naqd pulga boshqa narx, plastik kartochka orqali to‘lovga boshqa narx belgilashadi. 

O‘ktam XUDOYBERDIYeV,
"Zarafshon" muxbiri.