“Oskar” taqdimotida eng uzoq olqishlarga afsonaviy Charli Chaplin sazovor bo‘lgan
1. Kinomatografiya san’ati hamda fanlar akademiyasi (“Oskar”)ning dastlabki taqdirlash marosimi 1929 yil “Hollywood Roosevelt Hotel” mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan va unda 270 kishi ishtirok etgan. O‘tkazilgan tadbir 15 daqiqa davom etgan. Mukofot sovrindorlari o‘z g‘alabalari to‘g‘risida oldindan xabardor qilingan.
2. “Oskar”mukofoti bilan taqdirlash marosimi ilk marta 1953 yilda televideniye orqali namoyish etilgan. Bugungi kunga kelib ushbu marosimni 200 ga yaqin mamlakat aholisi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomosha qilish imkoniyatiga ega.
3. Amerika kinoakademiyasi mukofoti dastlab kinosanoatda erishilgan yutuqlarni taqdirlash maqsadida tashkil etilmagan. “Metro-Goldwyn-Mayer” kinostudiyasi rahbari Luis Bart Mayer “Oskar” kinomukofotini aktyorlar va kinostudiyalar o‘rtasida yuzaga kelgan muammolarni hal qilish uchun o‘ylab topgan. O‘sha davrda aktyorlar o‘z ijrolari uchun kinostudiyalardan ko‘proq mablag‘ talab qilgan. Kinostudiyalar aksincha, aktyorlarga iloji boricha kam gonorar to‘lashga harakat qilganlar. Mayerning fikriga ko‘ra, u “sovrinlar tarqatish” orqali aktyorlarni o‘z kinostudiyasiga jalb qilishi lozim bo‘lgan. Bu borada u shunday izoh bergan: “Agar men ularni mukofotlar bilan siylasam, ular meni istaklarimni ro‘yobga chiqarish uchun barcha shartlarga rozi bo‘ladilar”.
4. Mukofot har doim ham “Oskar” nomi bilan atalmagan. Ushbu nom faqatgina 1934 yilda o‘tkazilgan oltinchi taqdirlash marosimiga kelib qo‘llanila boshlagan. “Oskar” nomining kelib chiqish tarixi hozirgi kungacha noma’lumligicha qolmoqda.
Biroq haqiqatga yaqin ikkita faraz mavjud. Birinchi farazga ko‘ra, aktrisa Bett Devis qo‘lida qilich ushlab turgan oltin haykalchani sobiq eriga o‘xshashligini ta’kidlagan. Turmush o‘rtog‘ining ismi Oskar Xarmon bo‘lgan. Ikkinchi farazga ko‘ra, haykalcha kinoakademiyaning ijrochi kotibasi Margaret Xerrik tufayli “Oskar” nomiga ega bo‘lgan. Margaret Xerrik ilk marta haykalchani qo‘liga olib, “Axir bu mening amakim Oskarning o‘zi-ku!”, deya qichqirib yuborgan.
5. “Oskar” mukofoti sovrindori haykalchani uyiga olib ketishdan oldin maxsus hujjatga imzo chekishi zarur. Unga ko‘ra mukofot sovrindori haykalchani sotishga qaror qilgan taqdirda u dastlab haykalchani kinoakademiyaga 1 AQSh dollari evaziga qaytarib sotishini ma’lum qilishi kerak. Kinoakademiya taklifni rad etgan taqdirda mukofot sovrindori uni boshqa joyga sotishi mumkin bo‘ladi. Bu turdagi qoida Amerika kinoakademiyasi tomonidan 1950 yilda, “Oskar” mukofoti sovrindorlarining ayrimlari o‘z mukofotlarini sotib yuborganlaridan so‘ng joriy etildi. Misol uchun, Maykl Jekson 1940 yillarda Devid Selznikka topshirilgan haykalchani, bir million AQSh dollaridan ortiqroq mablag‘ga sotib olgan.
6. Haykalcha tashqi ko‘rinishidan hashamatli ko‘rinishga ega bo‘lib, go‘yo oltindan yasalganga o‘xshaydi. Bu hatto “Oskar”dek nufuzli kinomukofot uchun ham juda qimmat. Chunki haykalcha 4 kilogramga yaqin vaznga ega. Haykalcha tarkibida oltin bor. Albatta, faqat ustki qismi 24 karatli oltin bilan ishlangan. Mukofotning ichki qismi qo‘rg‘oshin va mis (britaniy metalli) aralashmasidan tayyorlanadi.
“Oskar” har doim ham britaniy va oltindan tayyorlanmagan. Ikkinchi jahon urushi davrida haykalchalar gipsdan tayyorlangan. Sababi barcha iste’molga yaroqli metallar qurol aslaha yasash uchun zavodlarga yuborilgan. Taqdimot tarixida bir dona yog‘ochdan yasalgan “Oskar” ham bo‘lgan. Ushbu haykalcha bilan 1938 yilda aktyor Edgar Bergen taqdirlangan.
7. Bugungi kungacha hech bir film, “Ben-Gur” (1959), “Titanik” (1997) va “Uzuklar hukmdori: Qirolning qaytishi” (2003) filmlaridan “Oskar”lar soni bo‘yicha o‘zib keta olmagan. Ularning har biri 11 nominatsiya bo‘yicha “Oskar”ga ega.
8. “Oskar” taqdimotida eng uzoq olqishlarga afsonaviy Charli Chaplin sazovor bo‘lgan. U 1972 yilda kinomatografiya olamidagi yetuk xizmatlari uchun “Oskar” mukofotiga sazovor bo‘lgan. O‘shanda Charlini butun zal tik holatda 5 daqiqadan ortiq vaqt davomida olqishlagan.
Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.