Ota bo‘lish osonmas… (hajviya)

Ishdan horib, charchab kelmaganmanmi, xotinimning yarim kechasi inqillab qolgani oromimga suv sepdi. Oy-kuni yaqin bo‘lganidan xavotirim oshdi.

- Doktor chaqirayinmi? - dedim yotgan joyimdan turishni istamay. «Qo‘yavering, o‘tib ketadi» desa-yu, ters o‘girilib uxlavorsam. Aksiga olib kutganim bo‘lmadi.

- Ha, endi chaqirmasangiz bo‘lmaydi-yov, dard juda yomon kelyapti.

O‘rnimdan turib, yuzim¬ni yuvish uchun yuvinish xonasiga kirdim. Yelim satildan suv olmoqchi bo‘l¬sam, krandan jildir-jil¬dir suv oqib turibdi. Yo, qudratingdan! Bir sutkada ikki marta ikki soatdan kelib turadigan suv yarim tunda ham kelib tursa-a!

Yuzimni yuvib chiqqach, «Tez tibbiy yordam»ga qo‘n¬g‘iroq qildim. Navbatchi hamshira bo‘lsa kerak savolga tutdi:

- Nima bo‘lgan?

- Homilador.

- Kuni qachon edi?

- Bugun, shekilli.

- Manzilingiz?

- Istovchilar ko‘chasi, 4- uy, 33-xonadon.

- Besh daqiqada yetib boradi.

Muomalasidan «Ovozingga shakar» deb qo‘ydim-u ichimda, yana o‘ylab qoldim. «O‘zi to‘qqizinchi qa¬vatga chiqqunicha besh minut o‘tib ketadi-ku. Qanday qilib besh daqiqada keladi?» Yo‘q, adashibman. Xuddi ko‘chada kutib o‘tirgandek, xabar berganimda besh daqiqa o‘tib, eshik qo‘ng‘irog‘i bosildi. Ikki nafar oppoq xalatda doktor ayol kirib keldi. Xotinim bilan ozroq suhbat qildi-da, menga yuzlanishdi:

- Kelinni olib ketamiz. Zudlik bilan.

- Ahvoli yaxshimi o‘zi?

- Xavotir olmang.

- Zinalardan tushishga qiynaladi-da. Shu liftimiz ham qasd qilgandek kecha buzilib qolgandi.

- Iye, biz liftda chiqdik-ku, - dedi doya ayol.

- Sozlab ketishdi, - dedi xotinim jilmayib. Insof kiribdi ularga ham.

Yo‘lga chiqdik. E-e, aytsam ishonmaysiz. “Tez yordam” mashinasimas, xuddi samolyotday bir tekis ketib borayapti-da. O‘ylab qo‘ydim: “Bu “Tez yordam” mashinasi “Damas” emas, shekilli...” Haydovchi ham xuddi fikrimni uqqanday deydi:

- Avvallari bu mashinani haydagandan ko‘ra traktor haydasam yaxshiydi, der edim. Endi unaqamas. Yo‘llarni qarang tekisligini. Kapot ustiga piyolada suv qo‘yib haydasangiz, bir tomchisi ham to‘kilmaydi.

- Bunaqa emasdi-ku, - dedim yo‘lga qattiqroq tikilib. Keyin o‘zimni chimchib qo‘ydim: “Tushimmi, o‘ngimmi?” Rostdan yo‘llarga yangi asfalt yotqizilgan. Atrofda qiyoslaydigan narsa bo‘lmasa ketayotganingizni sezmaysiz ham.

- Bunaqa emas edi, lekin endi shunaqa, - dedi haydovchi aka. – Kelinlar endi tug‘ruqxonaga yetib borishadi qiynalmay. Oldin tug‘ilgan har to‘rtta o‘g‘ildan uchtasi Yo‘lchiboy bo‘lardi...

Xullas, jufti halolimizni olib tug‘ruqxonaga bordik. Es-u fikrim xotinimda. Ishqilib operatsiya bo‘lmasin-da. Agar shunday bo‘lsa nima bo‘ladi? Ikki-uch baravar xarajat bo‘ladi. Yana o‘zimni o‘zim so‘¬kib qo‘¬yaman: «Yax¬shi niyat qil! Pulni o‘ylama hozir»... Ko‘z yumib-ochguncha xotinimni tug‘ruq zaliga olib kirib ketishdi.

- Siz ham kiring,- de¬di o‘sha yerdagi ayollardan bittasi. - Dalda bo‘lasiz.

Asta ortidan ergashdim. Lekin tug‘ruq zalida hammasi ayollar ekanligini ko‘rib, xijolat tort¬dim. Yo, qudratingdan! Erkak akusher-ginekologlarga insof kirib, ishdan ketishgan shekilli. Ortimga qaytib, tashqariga chiqib ketdim.

O‘n daqiqalardan so‘ng navbatchi doya oldimga keldi.

- Tabriklayman, ota bo‘ldingiz.

Beixtiyor qo‘limni cho‘n¬tagimga olib bordim. Ayol qo‘limdan ushladi:

- Siz yangi qarorlarimizni hali bilmaysiz, shekilli. Undan ko‘ra, hujjatlarini birinchi qavatdagi «Kelajak» degan bo‘¬limga olib boring. Yangi mehmonning nomiga hisob raqam ochib, besh million pul tushirib berishadi...

- Qanaqasiga?!

- Bosh vrachimiz tug‘ruqxonaga investitsiya kiritganlar. Har bir o‘g‘il chaqaloq uchun besh million, qiz chaqaloq uchun uch million beradi. Buni chaqaloqning sog‘¬lom o‘sishi uchun sarflashingiz lozim.

- Unda bu yerning xarajatlari...

- E, bu nima deganingiz? Hammasi bepul. Bosh vrach bizni ham quruq qo‘y-maydi. Har bir chaqaloq uchun qo‘l haqi beradi.

«Qoyil!» deb yuborganimni bilmay qoldim. Rost! Hali bunaqasini ko‘rmagandim. Oyog‘imni qo‘¬limga olib birinchi qavatdagi «Kelajak»ka chop-dim. «Avvallari u xonalar «Ketajak» bo‘lgan bo‘lsa kerak, - deb qo‘yaman o‘zimga o‘zim yo‘l-yo‘lakay».

Ishlarni tindirib, «Kelajak» xonasidan chiqayotsam, xotinim chaqirayotganini aytishdi. Qa¬rang pulning kuchini! Xotinimdan xabar olmay, to‘g‘ri bu yoqqa jo‘navorgan ekanman. Oldiga borsam, hali ham o‘sha inqillashda yotibdi. «Nima bo‘ldi?» de¬sam, «Dard kelyapti, doktor chaqiring» deydi. «Iye, yana tug‘asanmi? Zo‘r¬-ku! Yana besh million berishadi. Boy bo‘lib ketarkanmiz...»

Xotinim negadir qo¬vog‘ini uyib, yuzimga shapaloq tortib yubordi. Ko‘zim bir yumilib ochildi shekilli, o‘sha payt, qarasam uyda yotibman. Og‘zim qulog‘imga o‘tib ketgandek tir¬jayaman. Xotinim esa tepamda yuzi og‘riqdan bo‘g‘riqib, menga qarab o‘tiribdi.

- Qanaqa ersiz-a?! Shun¬cha gapiraman, dodlayman, qaramaysiz. Yana ko‘zingizni ochmay ishshayasiz. Hozir tug‘ib qo‘yama-an...

Sakrab turib yuvinish xonasiga chopdim. Kranni burasam, suv yo‘q. Yuzimni yelim satildagi suvdan olib nari-beri yuvdim-da, «Tez tibbiy yor¬dam»ga qo‘ng‘iroq qi¬lishga tushdim. 

- Nima muammo?

- Xotinim bezovta bo‘layapti, homilador...

- Kuni qachon edi?

- Bugun, shekilli.

- Manzilingiz?

- Istovchilar ko‘chasi, 4- uy, 33-xonadon.

- Yarim soatda yetib bo¬rishadi.

- Yarim soat?!

- ...

- Hammasi yaxshi bo‘ladi, - deyman xotinimni yupatib ko‘rgan tushlarim xuddi o‘ngidan kelib qoladigandek. Lekin xotinim bilan parallel azob tortishimni o‘ylab, ichimda «Uyg‘otmasang, yaxshiydi» deb qo‘¬yaman. Nachora, ota bo‘lish osonmas!

Asliddin Mustafoyev.