Ota-ona qanday hollarda ota-onalik huquqidan mahrum qilinadi?
Oila kodeksida ota-onaning nomulkiy huquq va majburiyatlari nimadan iboratligi belgilab qo‘yilgan.
Ushbu qonun talablariga ko‘ra, ota-ona farzandlariga nisbatan teng huquq va majburiyatlarga ega. Ota-onalik huquqlari bolalar o‘n sakkiz yoshga to‘lganlarida, shuningdek voyaga yetmagan bolalar nikohga kirganlarida hamda qonun bilan belgilangan boshqa hollarda voyaga yetmasdan to‘la muomala layoqatiga ega bo‘lganlarida tugaydi.
Ota-onalik huquqi bolalar manfaaatiga zid ravishda olib borishi mumkin emas. Bolalar manfaatlarini ta’minlash ota-ona g‘amxo‘rligining asosini tashkil qiladi. Ota-onalik huquqini amalga oshirishda ota-ona bolalarining jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga, axloqiy kamolotiga zarar yetkazishga haqli emas. Bolalarni tarbiyalash usullari mensimaslik, shafqatsizlik, qo‘pollikdan, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan, bolalarni haqoratlash yoki ekspluatatsiya qilishdan xoli bo‘lishi kerak.
Shuningdek, ota-ona (ulardan biri) ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan aliment to‘lashdan bo‘yin tovlasa, uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘z bolasini tug‘ruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga o‘xshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortsa, ota-onalik huquqini suiiste’mol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lsa, jumladan, jismoniy kuch ishlatsa yoki ruhiy ta’sir ko‘rsatsa, muttasil ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan bo‘lsa, o‘z bolalarining hayoti va sog‘lig‘iga yoxud eri (xotini)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan bo‘lsa ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin.
Ota-onalikdan mahrum qilish sud tartibida amalga oshiriladi.
Ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlar ota (ona)ning (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning), prokurorning, shuningdek voyaga yetmagan bolalarning huquqlarini himoya qilish majburiyati yuklatilgan organ yoki muassasalarning (vasiylik va homiylik organi, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalar, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar muassasalari hamda boshqa muassasalarning) da’vosiga binoan ko‘riladi.
Ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlar prokuror hamda vasiylik va homiylik organi ishtirokida ko‘rib chiqiladi.
Sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi ishlarni ko‘rib chiqishda bolaning ta’minoti uchun ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ota-onadan (ulardan biridan) aliment undirish masalasini hal qiladi.
Agar sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi ishlarni ko‘rishda ota-ona (ulardan biri)ning harakatida jinoyat alomatlari mavjudligini aniqlasa, bu haqda prokurorga xabar berishi shart.
Sud ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgandan keyin uch kun ichida ushbu qarorning ko‘chirmasini bolaning tug‘ilganligi davlat tomonidan ro‘yxatga olingan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuborishi shart.
2021 yilning 1-choragida fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risida 7 ta ish ko‘rib chiqilgan, shundan 5 tasi qanoatlantirilgan, 2 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan.
Bola bilan ko‘rishib turishni belgilash to‘g‘risida jami ko‘rilgan 7 ta ishning 4 tasi qanoatlantirilgan, 1 tasi rad qilingan, 1 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan va yana bittasi ish yuritishdan tugatilgan.
T.Usmonov,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi raisi.