O‘tgan yil avgustda Norvegiyadagi masjidlardan birida otishma uyushtirgan Filip Mansxausga sud hukmi o‘qildi

2019 yil avgust oyida Norvegiyaning Oslo shaharchasidagi masjidda otishma uyushtirgan va o‘zining tutingan singlisini o‘ldirganlikda ayblangan Filip Mansxaus Norvegiya qonunchiligida nazarda tutilgan eng uzoq muddatli - 21 yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda NRK teleradiokompaniyasi xabar berdi.
“Filip Mansxaus 21 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Hukm bir ovozdan ma’qullandi. Shuningdek, u qurbon bo‘lganlarning oila a’zolariga tovon puli va sud xarajatlarini to‘lashi lozim”, deya xabar berdi teleradiokompaniya.
Norvegiya qonunchiligiga ko‘ra, mazkur jazo o‘ta xavfli jinoyatchilar uchun qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan eng og‘ir jazo. Qoralovchi tomonning fikricha, Mansxaus ishida jazoni yengillashtiruvchi holat mavjud emas. Jinoyatchining advokati mijozining aqli zaif ekanligini va u majburiy davolanishga yuborilishi lozimligini aytdi.
Mansxaus ustidan sud ishi 7 may kuni boshlangan edi. Unga nisbatan terrorchilik harakatini amalga oshirish, qotillik va qotillikka urinish ayblari e’lon qilindi. Tergov harakati taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, u 2019 yilning 10 avgust kuni o‘zining tutingan singlisini otib o‘ldirgan. So‘ngra mahalliy masjidlardan biriga borib, bir necha bor quroldan o‘q uzgan.