O‘tgan yili Samarqandda yer sotish bilan bog‘liq 41 ta jinoyat fosh etildi

Bu haqda Samarqand viloyat prokuraturasi organlari tomonidan 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Tadbirda prokuratura organlarining viloyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolar, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilikning oldini olish borasidagi faoliyati haqida ma’lumot berildi.

Qayd etishilishicha, prokuratura organlari tomonidan yerlardan oqilona foydalanish, yer ajratishda suiiste’molchilik va tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ymaslik borasida nazorat tadbirlari muntazam olib borilgan.

– Yil davomida yer to‘g‘risidagi qonunlar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirish va monitoringlar natijasiga ko‘ra 200 dan ziyod prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilib, jiddiy qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 73 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 18 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi, – deydi viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Nodir Qodirov. – Shuningdek, 1614 holatda 486 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlanib, 255 gektar yer ixtiyoriy qaytarilishiga erishildi. Yer sotish bilan bog‘liq 41 ta jinoyat fosh etilib, 179,2 gektar yerning noqonuniy muomalasining oldi olindi. 213 gektar yerni qaytarish yuzasidan sudlarga 981 ta da’vo arizalar kiritildi va 152,4 gektar yer maydonlarini qaytarishga doir 696 ta da’vo ariza qanoatlantirildi. Yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallagan 800 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni ta’minlash yuzasidan o‘tkazilgan tekshirish va monitoringlar natijasiga ko‘ra, 1307 ta qonunbuzilish holati aniqlanib, prokuror nazorati hujjatlari qo‘llash orqali bartaraf etildi.

Jumladan, sudlarga 22 milliard 753 million so‘mlik 288 ta da’vo arizasi kiritilib, qo‘pol qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 68 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Ko‘rilgan choralar hamda qo‘llanilgan prokuror nazorati hujjatlari natijasi o‘laroq, 1017 nafar, xususan, 241 nafar yuridik shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan va bir qator amaliy yordamlar ko‘rsatilib, ijobiy natijalarga erishilgan.

Matbuot anjumanidan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari viloyat prokuraturasida fuqarolarni qabul qilish va ular murojaatlari bilan ishlash jarayonlariga guvoh bo‘ldi.