OTMda tahsil olayotgan talaba nega repetitorga boryapti?
Bugun ingliz tili ta’lim, fan, texnologiya, ish va dunyo bilan bog‘lanish vositasiga aylandi. Shuning uchun ham yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarida xorijiy tillarga ixtisoslashgan fakultetlar ochilmoqda, ularga qabul qilinayotgan talabalar soni ko‘paymoqda.
E’tiborlisi, chet tillar fakultetida tahsil olayotgan talabalar yana repetitor izlab, qo‘shimcha darslarga borishga majbur bo‘layotir. Nega? Bunga birinchi sabab – chet tili ta’limi dasturlari aksar hollarda nazariyaga asoslangan bo‘lib, amaliyotga kam e’tibor qaratilyapti. Darslarda grammatika, qoidalar o‘rgatiladi. Lekin hayotda kerak bo‘ladigan gapirish, eshitish va muloqot qilish salohiyati yetarlicha rivojlantirilmaydi. Talaba audiofayl eshitmasdan, real muammoni yechmasdan, turli ijtimoiy va kasbiy vaziyatlarda tildan foydalanmasdan ta’lim olyapti.
Shuning uchun faqat nazariyani o‘rgangan talaba jamiyat ishiga sho‘ng‘igach, o‘ziga ishonmay qo‘yadi, o‘zini yetarli darajada tayyor emas, deb his qila boshlaydi. Ikkinchi jihat, ayrim o‘qituvchilarning o‘qitishning zamonaviy metodikalaridan bexabarligida. Ular hali-hanuz an’anaviy, bir yoqlama ma’ruza tarzidagi uslublarni qo‘llaydi. Kommunikativ yondashuvlar, interfaol darslar, texnologik platformalardan foydalanmaydi. Holbuki, talabalar bugun YouTube, Duolingo, ChatGPT, Zoom-darslar orqali tez, qulay va tushunarli bilim olishga o‘rgangan. Uchinchisi, natijaviylik. Repetitor bilan ishlayotgan talabalar ko‘p hollarda tezroq so‘zlashishni o‘rganadi, IELTS kabi imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tadi.
Chunki repetitorda dars mazmuni so‘rovga mos, shaxsiy yetishmovchiliklar ustida ishlanadi, “baho uchun” emas, haqiqiy natija uchun o‘qitiladi. Oliygohda esa talabaga bilim berishda individual yondashilmaydi, guruhdagi daraja farqi tufayli sustlashuv kuzatiladi. Savol tug‘iladi.
Agar talabalar real til ko‘nikmasini ta’lim muassasasidan emas, repetitordan olayotgan bo‘lsa, unda oliygohlar nima beryapti? Faqat diplommi? Agar shunday bo‘lsa, Davlat ta’lim standarti maqsadlaridan yiroqlashib ketmayapmizmi? Albatta, ta’lim standartlarimiz berayotgan natijalarni inkor etib bo‘lmaydi. Ammo bugungi zamon ta’lim tizimi ayrim jihatlarda qayta ko‘rib chiqishga muhtoj. Jumladan, darslar va mashg‘ulotlarni ko‘proq amaliyotga yo‘naltirish, ta’lim natijaga qaratilishi, o‘qituvchi esa maslahatchi, yo‘lboshchiga aylanishi kerak. Shundagina talabalar “qo‘shimcha” bilim emas, kerakli bilimni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’lim dargohida oladi. Noila OChILOVA, SamDChTI katta o‘qituvchisi.