O‘ttiz yillik tajriba: Erkak kishining turmushidan kelib chiqib aytgan monologi

– Yelkan, shamol bo‘lmasa, katta dengizda harakatsiz to‘xtab qoladi. Mashina benzini bo‘lmasa, yurmaydi. Xuddi shunday ayol kishisiz ham hayot yo‘q. Ammo eng kuchli ayollarning ham kuchlari va sabrlari tugaydi.

Oiladagi tinchlik-totuvlik erkak kishining aytgan har qanday odillik haqidagi gapidan afzal. Turmushda o‘ttiz yil yashab shuni angladimki, ayol kishi butunlay boshqa olam ekan.

Meni aldashdi. Meni maktabimda, men tahsil olgan kollejimda, oliygohimda, men ishlagan ishxonalarimda aldashdi. Televizorda, o‘qigan kitoblarimda – hamma joyda aldashdi. Hatto qarindoshlarim, ota-bobolarim ham yolg‘on aytishibdi. Men soxta tushunchada, emansipatsiya va matriarxat davrida ulg‘aya boshladim. Menga yolg‘on gapirishdi va men aldanib qoldim, ishondimki – ayol va erkaklar bir xil insonlar deb. Ular biz kabi jinsi shim va krossovkalar kiyib yura oladilar. Ayollar biz erkaklar kabi direktor, boshliq bo‘lib ishlay oladilar, mashina haydaydilar. Faqat fizioliogiya jihatidan biroz boshqacharoq, bo‘yi pastroq, tashqi ko‘rinishi esa go‘zalroqdir.

Men yaxshilab yashirilgan sir-sinoatni bilib qoldim. Ayollar biz erkaklarga butkul tushunarsiz bo‘lgan g‘alati prinsiplarga asoslanib ish ko‘radilar. Biroq buni tushunishga harakat ham qilish shart emas. Balki o‘z oilaviy hayotida sinab ko‘rish yaxshiroqdir.

Ayollar ularga bo‘lgan e’tiborga asosan ish ko‘radilar. Ularning batareyalari turmush o‘rtoqlarining g‘amxo‘rliklaridan, yoqimli so‘zlaridan, jigar-bag‘irdan chiqadigan samimiylik ila so‘zsiz bag‘riga bosishidan quvvat olar ekan.

Shu narsani kashf etdimki, agar ayol kishi charchamas generator bo‘lishini xohlasak, u holda biz erkaklar ahli ayolimizga “Sen mening yagonamsan, sen dunyodagi eng yaxshi onasan, sening mening ahli ayolim ekaningdan Allohga shukr aytaman. Sen tengi yo‘q pazandasan, sen mening nazokatli, muloyim mehribonimsan!” kabi so‘zlarni gapirib turishimiz kerak. Qurib-qaqshab ketgan yerga yomg‘ir yog‘ib, suvga to‘yintirganidek, ana shu yuqoridagi so‘zlar hayot qiyinchiliklaridan tinkasi qurib, holdan toygan ayolga yangi quvvat, yorqin hayot baxsh etadi.

Men oilaviy hayotda adolat bo‘lmasligiga anchagacha tushuna olmasdim. Erkak kishi qonga qon, jonga jon prinsipi bo‘yicha yashaydi. Agar o‘z hayotidan charchagan ayol turmush o‘rtog‘ini koyib, gap bilan jonidan to‘ydirsa, gina-kudurat bilan azoblasa, o‘zining hissiyotidan kelib chiqib, zahrini sochsa, demak, bu uning tomonidan hamla qilish degani emas. Bu harakatlari uchun qonga qon, jonga jon prinsipini qo‘llash kerak, degani ham emas. Shunchaki ayol kishining bu harakatlaridan shuni anglash kerakki, ayolning “yonilg‘isi” tugadi, xolos. Ayol kishi demoqchiki: “Mening haloskorim, meni qutqaring, sizning muloyim gap-so‘zlaringizsiz, qo‘llab-quvvatlashingizsiz mening yashashga madorim, kuchim qolmadi. Men so‘lib bormoqdaman va o‘zim xohlamagan holda yoqimsiz kimsaga aylanib boryapman. Menga bor-yo‘g‘i qo‘l ushlashib, yarim soat aylanib kelish yetarli. Bor-yo‘g‘i bir necha daqiqangizni ayamasangiz bas. Mening xavotirlarimga quloq solsangiz, kun bo‘yi ko‘rgan-kechirganlarimni gapimni bo‘lmay, bahslashmay eshitsangiz bo‘ldi”.

Haqiqat yo‘q… Ishdan horib-charchab, kuchsiz va madorsiz uyingga pul olib kelsang-da, divaningga zo‘rg‘a qulaganingda yana janjal eshitsang! Albatta, haqqoniy ravishda javob qaytarging keladi. Hech bo‘lmasa, mag‘rur yolg‘izlikda qolging keladi. Men ana shunday qilardim va, albatta, bu mening xatoim edi. Janjal boshlanyaptimi, demak, ahli ayolingga yuzinchi marotaba “Sening ko‘zlaring go‘zal…” deya bag‘ringga bosish vaqti keldi. Faqat bu samimiylik bilan bajarilishi shart, yengil-yelpi, nomiga qilingan harakat bo‘lmasligi kerak. Shunchaki undan qutulish uchun gapirgan nosamimiy gaping ayolingning harakatlarida katta “to‘fon”ni uyg‘otadi. Buning ayollar tilidan qilingan tarjimasi shuki: “Ishonmayman! Yana bir bor qaytaring, meni bunga ishontiring”. Demak, to‘ppa-to‘g‘ri bu olovga kirib, oilangni bu janjallardan, o‘z suyukligingni mehring bilan qutqarishing kerak.

Haqiqat yo‘q… Bunday hayotning faqat ikki tomoni bor, xolos. Biri tushunarsiz xatti-harakatlar, ammo aynan shu harakatlar oilangni uyg‘unlikka, hamohanglikka olib keladi. Tushunarsiz tomoni erkaklar uchun, biroq ayollar uchun o‘ta oddiy va tushunarli. Bunday ishda tarjimon yo‘q. Ko‘pchilik o‘z ayolida o‘zi kabi erkakni ko‘radi. Faqat fiziologik jihatdan farq bor hisoblaydi. Ko‘p erkaklar esa ayollarni onalar kabi kuchli, matonatli deb qabul qiladilar, zinhor ayollar haqida “zaifa bo‘lgan qizaloq” degan tushunchada emaslar.

Hatto o‘ta kuchli, matonatli ayollarda ham kuch tugaydi. So‘lib borayotgan gul kabi shirin so‘zing bo‘lmish “suvga”, e’tiboringga, maqtovingga zor.

Men o‘ttiz yil mobaynida “oila” deb atalmish asirlikda yashadim. Bu asirlikda yetti nafar farzandim dunyoga keldi. Bu yillar ichida men erkaklarga tushunarsiz bo‘lgan yangi bir tilni o‘rganib chiqdim. Bu tilda erkaklar bilan birga parallel olamda yashayotgan ayollar sivilizatsiyasi gaplashadilar. Men ularning urf-odatlarini va fe’l-atvorlarini o‘rgandim.

Yelkan, shamol bo‘lmasa, katta dengizda harakatsiz to‘xtab qoladi… Faqat erkaklarning shirin gaplari amallari bilan bir xil bo‘lishi kerak. Shundagina bu gaplarning kuchi paydo bo‘ladi…

Madina Djurayeva tarjimasi

muslimaat.uzdan olindi.