Ovozlarni sanash boshlandi, natijalar o‘n kun ichida e’lon qilinadi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ovoz berish yakunlandi.

Viloyatimizdagi 1130 ta saylov uchastka binolarida ham soat 20.00 da eshiklar yopildi va saylov qutilari ochilib, ovozlarni sanash boshlandi.

- Samarqand shahridagi 1113-saylov uchastkasida ham saylov jarayonlari qizg‘in o‘tdi, - deydi uchastka saylov komissiya raisi Munojot Iskandarova. - Uchastkada Shodiyona mahallasidagi 2543 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan bo‘lib, shundan 1672 nafari bevosita saylovda ishtirok etdi. 238 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalandi.

Saylov jarayonlarini boshqarish axborot tizimida viloyat bo‘yicha 2 million 156 ming 264 nafar saylovchi ro‘yxatga kiritilgan bo‘lib, soat 17:00 holatida saylovchilarning 73,98 foizi ovoz berishda qatnashgan edi. Saylov kodeksiga ko‘ra, saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning 33 foizi ovoz berishda qatnashgan bo‘lsa, saylov o‘tgan hisoblanadi.

Saylov natijalari o‘n kun ichida e’lon qilinadi.