O‘z orzularini rangtasvirlarda qoldirgan ustoz

Shunday insonlar borki, hayotda o‘z kasbini hamma narsadan ortiq sevadigan, shogirdlariga bor bilimi va mehrini ayamagani sabab oramizda bo‘lmasa-da, ularni hech qachon unutib bo‘lmaydi. O‘z kasbining ustasi, mohir rassom-pedagog Fayzulla aka Toshpo‘latov ana shunday ustozlardan edi.

Fayzulla Toshpo‘latov 1958 yil 13 avgustda Samarqandda ishchi oilasida tug‘ildi. 1983 yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutini tugatib, Samarqand shahar pedagogika bilim yurtida tasviriy san’at fanlari o‘qituvchisi bo‘lib ishladi. Keyinchalik Samarqand davlat pedagogika institutida tasviriy san’at fani o‘qituvchisi, Samarqand milliy hunarmandchilik kollejida o‘quv va ishlab chiqarish bo‘yicha direktor o‘rinbosari sifatida faoliyat olib bordi. 

2004 yilda Samarqand davlat universiteti san’atshunoslik fakulteti ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari, tasviriy san’at fanlari bo‘yicha katta o‘qituvchi lavozimlarida ishlab, 30 yillik pedagogik faoliyati davomida ko‘plab shogirdlar yetishtirdi.

Ustoz rangtasvir san’atini mukammal bilar, uning siru asrorlarini talabalarga batafsil o‘rgatardi. U o‘z ijodida o‘zbek xalqining mehnatkash va mehmondo‘stlik qiyofasini tasvirlab, hamyurtlariga bo‘lgan mehru muhabbatini ranglarda tarannum etdi. 

F.Toshpo‘latov rahbarligida ko‘plab iqtidorli talabalar tanlov va konkurslarda ishtirok etib, ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdi. U mutaxassislik fanlaridan saboq berish bilan birga “Ustoz-shogird” an’analarini davom ettirishda namunali ustoz sifatida o‘zini namoyon qildi.

Shuningdek, F.Toshpo‘latov Samarqand shahar 4-son bolalar san’at maktabida, Samarqand ixtisoslashtirilgan san’at maktablarida ham tasviriy san’at fanlaridan saboq berib, yosh avlod vakillariga san’at sirlarini o‘rgatdi.

U jonkuyar ustoz, sodiq do‘st va mas’uliyatli inson sifatida ko‘pchilikka namuna bo‘ldi. Fayzulla Toshpo‘latov 30 yillik pedagogik faoliyati davomida 40 dan ziyod ilmiy maqolalar, 1 ta monografik ocherk, qator uslubiy qo‘llanmaga mualliflik qildi. Qo‘llanmalarida “Natyurmort”, “Portret” janrlarida kompozitsiya yaratishning qonuniyatlarini ochib berdi. Bugungi kunda talabalar ushbu ma’lumotlardan unumli foydalanmoqda.

Fayzulla aka xushchaqchaq, atrofdagilarga doimo do‘stona munosabatda bo‘lib, ularga ko‘maklashadigan samimiy inson edi. U nafaqat jamoada, balki oilada to‘rt nafar farzandni voyaga yetkazib, ularni hayotda o‘z o‘rinlarini topishlarida halol mehnat qilgan mehribon ota edi. 

Bevaqt o‘lim ustozni 58 yoshida oramizdan olib ketdi. Ammo Fayzulla aka qoldirgan ma’naviy-ma’rifiy meros biz, hamkasblari, shogirdlari faoliyatida uzoq davom etadi.

I.Izbosarov,

SamDU tasviriy san’at kafedrasi katta o‘qituvchisi.