O‘zbek ayoli yaponiyaliklarga milliy taomlar va urf-odatlarimizni o‘rgatmoqda
O‘zbekistonlik Mahbuba Kamolova yaponiyaliklar orasida somsa, chuchvara kabi milliy taomlarimiz hamda urf-odatlarimizni faol targ‘ib qilmoqda. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
2010 yildan buyon Yaponiyaning Fukuoka prefekturasida istiqomat qilayotgan bu vatandoshimiz ham boshlang‘ich va o‘rta maktablar, litsey va oliy ta’lim markazlarida ta’lim oluvchi yaponiyalik yoshlarga O‘zbekistonning tarixi, madaniyati, turizm salohiyati, urf-odatlari va milliy qadriyatlari bo‘yicha ta’lim beradi.
Kamolova o‘zining mehnatsevarligi va ishiga bo‘lgan sadoqati orqali yaponiyaliklar orasida alohida hurmat va e’tibor qozongan. Yurtdoshimiz taqdimotlarda yapon yoshlariga o‘zbek milliy taomlarini tayyorlash, milliy liboslar taqdimoti va mamlakatimizning qadimiy shaharlari to‘g‘risida axborot berib, mamlakatimiz turizm salohiyatini targ‘ib qilishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Mahbubaning darslarida ishtirok etayotgan yoshlar sonining tobora oshib borishi esa Yaponiya yoshlari tomonidan O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish kun sayin ortib borayotganidan dalolat beradi.