O‘zbek jang san’ati: Samarqandlik sportchilar O‘zbekiston chempioni
Toshkentdagi “JAR” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida O‘zbek jang san’ati bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yakunlandi.
Barcha viloyatlardan kelgan 800 nafardan ziyod sportchilar O‘zbek jang san’atining bellashuv yo‘nalishi bo‘yicha musobaqalarda g‘oliblik uchun kurash olib borishdi.
Quvonarlisi, qizg‘in janglardan so‘ng Samarqand viloyati sportchilari 22 ta oltin medallarni qo‘lga kiritgan holda peshqadamlik qildi. Toshkent viloyati vakillari 18 ta oltin medal bilan ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, buxorolik sportchilar 12 ta oltin medal bilan shohsupaning uchinchi pog‘onasiga joylashdi.
- Bu safargi chempionat bellashuvlari juda hayajonli va qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi, - deydi O‘zbek jang san’ati federatsiyasi viloyat bo‘limi kotibi Halim Yusupov. – Musobaqada 115 nafar sportchimiz qatnashib, 22 ta oltin, 15 ta kumush va 19 ta bronza medallariga ega chiqishdi. Vakillarimizda R.Rahmatova, B.Akbarov, I.Mustafoyev. Sh.Begaliyeva hamda K.Saidov kabi jang san’ati ustalari oltin medallarini qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlar milliy terma jamoa tarkibida 2023 yil sentyabr oyida Xiva shahrida bo‘lib o‘tadigan etnosport turlari bo‘yicha xalqaro festivalda vatanimiz sharafini himoya qiladi.
D.To‘xtayev.