O‘zbek san’atida katta yo‘qotish – Ortiq Otajanov ulug‘ ayyom kunlari olamdan o‘tdi

Bu sana o‘zbek san’ati va shaxsan mening hayotimda ham katta yo‘qotish kuni sifatida muhrlanib qoladi. Bugun qadrdon akam, o‘zbek san’atining zabardast namoyondasi, mening bolalik ustozim, kumirim bo‘lgan san’atkor Ortiq Otajonov olamdan o‘tdi.
Kuni kecha Tohir Malikdek ulug‘ yozuvchini oxirgi yo‘lga kuzatgan edik. Bugun...
Ortiq akani yaqinginada Muhammad Ismoil xonadonida ko‘rgandim, suhbatlashib, biroz latifalarini eshitib kulishgan edik. Muhammad akaning umraga ketishi oldidan yozgan dasturxonida aytgan gaplarini o‘ziga bildirmay diktofonga yozib ham olgandim. Kutib olish marosimida Omon Matjonga, boshqalarga hazil-huzul qilib biroz o‘tirdilar, biroq osh tortilgunigacha kutmasdan turdilar. Bir qadar besaranjom alpozda edi. Chiqib turib darvoza oldida ham allaqancha gaplashib turdik, suratga tushdik. Muhammad akaga ming rahmat, shu odati yaxshi, har bir tadbirmi, uchrashuvmi, rasmga olib, tarixga muhrlab qo‘yadi. Eh, shu surat hozirgina ko‘z o‘ngimdan o‘tgan ediya...
Akani yanganing bevaqt vafoti ola ketdi, chamasi. O‘zi avval oilada ayol olamdan o‘tsa, erkak kishiga juda ham qiyin bo‘ladi, degan gap bor. O‘sha gap bor gap. Buni hayotda ko‘p ko‘rdik.
Ne bo‘lganda ham Ortiq Otajonov o‘zbek xalqi hayotida nurli iz qoldirib ketdi. U yaratgan bir-biridan betakror san’at namunalari asrlar davomida yangraydi, odamlar qalbiga ezgulik urug‘ini sochadi. Dunyoda o‘zbek millatining boshqalarda uchramaydigan suvvoralari, Feruzlari,Aliqambar-u, dugohlar, Lazgi, yallalari, Ortiq Otajonovning faqat o‘zigagina xos bo‘lgan yuzlab mualliflik qo‘shiqlarini hali Ortiq aka ko‘p va xo‘p dunyoga tarannum etadilar. Biz ularni radio to‘lqinlari, magnit tasmalari orqali tinglaymiz, nurli xotiralar bilan yodga olamiz."Sening kulishlaring", "Kelsin", "Turnalar", "Ota-onang", "Vatandin ayri ko‘ngilni...", "Seva olmaslar","Turli-turli", "Hayron-hayron", "Bilmish","Ko‘rmayin qoldim","Daryolarning ul yuzida...","Vasling kutib"...
Endi mehribon Allohdan iltijolar qilib so‘raymiz: Elga suydirganing bu o‘g‘lonning oxiratini ham obod qilgin, ravzai jannat bog‘laridan joy berib, savol-javoblarini yengil qilgin, mushkullarini oson qilgin...
Ortidan asrlar osha borib turadigan savoblarini ko‘paytirib bergin...
Akaning farzandlari, nabiralari, ukalari, barcha yaqinlariga, muxlislariga Allohdan sabr tilayman.

Husan Ermatov.