O‘zbek tili bayrami yiliga 12 oy bo‘lsin!

Mustaqillikni davlatsiz, davlatni xalqsiz, xalqni tilsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi

 Vatan bilan bog‘liq har bir narsaga mangulik nuqtai nazari bilan qarash joiz. Uning tarixini va obro‘yini farzandlik muhabbati va sadoqati bilan barpo etsakkina, bu e’tiqodimiz-u matonatimiz bilan qilayotgan ishimizda kelajak avlodning istak va umidlari o‘z aksini topadi.

Ahamoniylar, makedoniyaliklar, mo‘g‘ulistonligu o‘russiyaliklar yetkazgan zulumlar yurakka bitilgan chandiq yangliq har on o‘zi haqida bildirib turadi. Esdaliklar va xotiralar yig‘indisi tajribadir. Shundaylar borki, ularni ro‘yi-rost rad etadi. Mavhumlikdan ko‘ra ortiqroq azob yo‘qdir, undan qochish, uzoqlashish aslida barham toptirish zarurdir. Hamisha Vatanimizga xuddi quyosh kabi o‘zligimizni namoyon qilmas ekanmiz, haqiqatga mavhumlik rahna solib turaveradi. Atrof muhitda sodir bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar ham mavhumlik soyasida “dam oladi”.

Bugungi xulosamiz – biz mustaqillik arqonini hech qachon qo‘yib yubormaymiz. Mustaqillikni davlatsiz, davlatni xalqsiz, xalqni tilsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Eng katta boyligimiz, hurligimiz, u bizni narsalarga emas, o‘zimizga xon, o‘zimizga bek bo‘lishimizni, tilimizni buyuk-bunyodkor tillarning oldingi qatorida bo‘lishini ta’minlaydi. Chinakam xalq – chinakam millat bo‘laylik, desak O‘zbekistonimizga, uning tiliga hamisha hurmat tuyg‘usi bilan yashaylik!

Yov ta’minoti domidan qutula olmayotganlar tilimizga yo‘lto‘sarlik qilishni odatiy hol deb bilib, kelishishda davom etmoqdalar. Yomoni, xalqimizda unga ayovsiz munosabat bildirish immuniteti shakllanishi biroz qiyin kechyapti.

Mahmud az- Zamaxshariy ta’biri bilan aytganda, “To‘g‘ri va haq yo‘ldan yurgan kishining qadam bosishi arslon yurishidan ham mahobatliroq, haybatliroqdir”. Bugun shaxdam qadam sohiblariga to‘sqinlik qilishga urinayotganlarni bolalikda haddan ziyod erkalatib yuborilgan kimsalarga o‘xshataman. Negaki, undaylarning aql-idroki keksayganda ham bola darajasida qoladi. Vazminlik va xotirjamlik holatda ularga tuyg‘ularimizni amaliy harakatlar bilan ifoda etishimiz shart.

Hayotning oltin qoidasi bor: kim Vatan qadrini bilmas, aslo komilmas kishi. Zohidning yetmishta gunohi kechirilishi mumkin, lekin olimning bitta gunohi ham kechirilmaydi. Fikr qilganning qo‘rg‘oni buzilmaydi. Men olimlik sha’nimizga dog‘ tushishini aslo xohlamayman.

Tarix shohid - mustabid davlat, siyosat O‘zbek tili, madaniyati, ma’rifatiga “o‘t qo‘yganda”, bosh ko‘targanni chopganda ham, tilim, elim, millatim deb kurashganlarimiz ehtiromimizda borligimizcha bor bo‘lishadi. Bugun mustaqil davlatimiz “Nima xizmat?” deb shay turganda mudroqligimizni yenga olmaymiz. Harakatimiz sust, natijamiz past. Suv oqayotganda idishingni to‘ldirib ol. Bizga havas qilishsin, rahm emas. Agar biror ulug‘ ishni biror kun qilmoqchi bo‘lsak, shu kun bugun. Aql olib, yurak berib mustahkamlanadi, boyib boradi kabi hikmatlar o‘zimizni isloh qilishimiz kerak, degan ma’noni bermaydimi?

Bir paytlar Kaspiy dengizi bo‘yida Hazar saltanati bo‘lgan. Undan urvoq ham qolmagan. Aytadilar-ku, xatto, o‘latdan ham ilmu-ma’rifat bilan himoyalanish mumkin. Bu alohida, katta mavzu.

Uning ta’siri ostida tilimizning mohiyati yaqin yillarda o‘ta beo‘xshov sinovlar og‘ushida qolishiga shubha qodirmasligi aniq. Matbuotdan ma’lumki, yaqin 15-20 yillarda eng talabgor kasblar sifatida, Raqamli lingvistika, ya’ni mashinada tarjima qilish kasbi eng birinchi o‘rinni egallaydi. Teletibbiyot hakami, molekulyar distologiya mutaxassisiga, maishiy xizmat robotlari, qadimiy binolarni tiklab, zamonaviy sharoitlar yaratuvchi, qurilish muhandisi, chiqindidan elektr energiya ishlab chiqarish mutaxassisliklari, yana qancha yangiliklar hayotimizga shiddat bilan kirib keldi va kelajakda bundan-da ildamlab ketadi.

Ularning dasturlari, yo‘l xaritalari, o‘zbeklasha oladimi? O‘zbeklar o‘z tillarining o‘rnini ushbu kasblarni egallashda ko‘ra oladimi? Til korpusini takomillashuv jarayoni o‘zbek filologlarining birdamlashish maydoniga aylana oladimi?

Zahmatkash olimlarimiz izlanishlar olib borishayotgandir. Ko‘ngil xotirjamligi uchun keng xalq ommasiga ularning oddiy tildagi ko‘rinishini beringlar. Jarayonni umum filologlar harakatiga aylanishiga sharoit shaylaylik.

To‘g‘ri, qiyin ahvoldamiz, ko‘p yillik mustabidlik, qulchilik ko‘pchilikni batamom o‘ziga og‘dirib ulgurgan.

Aslida ular tug‘dirayotgan qiyinchiliklar ham yaxshilikka bo‘lsin. Har narsaning o‘z hikmati bor. Negaki, qiyinchilik yo‘q joyda muvaffaqiyatlar bardavom bo‘lmaydi. Kelajak avlod oldida qarzdor bo‘lib qolmaslik uchun bugun mulohaza bilan ish ko‘raylik. Qarzga botishdan ko‘ra kechki ovqatdan voz kechgan ma’qul, degan hikmat bor. Shu qarzdorlikning hajmi, manbasi, egasi bormi? Uning algoritmini kim tuzadi? Qachon tuzadi?

Adolatsizlikka uchraganlar, adolatsizlikdan qiynalganlar kabi g‘azablanmas ekan adolat o‘rnatib bo‘lmaydi. Afsuski, adolatsizlikdan qiynalganlar, azob chekkanlar qatag‘on bo‘lganlar, qatl qilinganlar o‘tib ketishdi. O‘tganlarni xotirlab turish, ularni orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish burchimiz. Yuqorida tilga olingan nomdor muammolar bir kun kelib g‘aflatga cho‘mdirmaydimi?

Keling, zulmatni qarg‘ab o‘tirish o‘rniga sham yoqaylik. Davlat tili maqomiga tom ma’noda erishish har bir o‘zbekning birinchi raqamli burchi bo‘lsin. Muammolarni bartarafiga barchani chorlaymiz.

O‘z tilimizda ma’noni berish uchun so‘z topilmas ekan, ma’no o‘z navbatida aktualligini yo‘qotmaydi, ifoda etish o‘z o‘rnini egallaydi. Agar biz izhor etishga ehtiyojni yo‘qotar ekanmiz, bu so‘z yashab ketmaydi. Shunday nostandart holatda ilinib turgan misollar son mingta. Ularning ko‘plarining yechimini oddiy muallimlar berishmoqda, ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar qilishmoqda.Lekin hech kim diqqat-e’tibor qaratgani yo‘q deb o‘pkalab ham post qoldirganlarni bilaman.

Tillar tarixidan ma’lumki, bir vaqtlar fransuz madaniyatiga til o‘chakishish nemis tiliga o‘chakish bo‘lgan. Hozir ingliz va amerikanizmlarga o‘chakishish, taqlid qilish, qiziqishning oshishi bu tabiiy hol, ayniqsa terminlarni hayotimizga shiddat bilan kirib kelishini ko‘z oldimizga keltiraylik. Tilning boyishiga, tez tan olinishiga birdek xizmat qilishini bilamiz.

Biz aqlbovar qilmas muvaffaqiyatlar davrida yashamoqdamiz. Jamiyat qancha o‘zgarsa, til ham undan hech qachon qolishmaydi, qolishmayapti ham. Lekin uni o‘z holiga tashlab qo‘yish ham yomon baholanadi. Hozir bu borada tahlillar o‘ziga xos kuzatuvlar “man” deb ko‘zga tashlanmayapti.

Tadbirkorlik munosabatini, madaniyatlararo kommunikatsiyani, o‘sib borayotgan yangi texnologiyalarni olaylik, alal-oqibatda yangi ma’nolar, terminlar  ixtirochiligiga ehtiyoj jiddiy oshmoqda.

Asosiysi, badiiy til – bu lug‘atlarda kodlanganligi, mustahkamlanganligi bilan o‘z talqiniga, izohiga ega bo‘ladi. Demak, ular tezkor kodlanmas, lug‘atlarda muhrlanmas ekan, bu yo‘q degani emasmi? Ko‘plab ilmiy ishlar bilan tanishish davomida harakatlar yo‘q emasligini guvohi bo‘lasiz. Ayni damda ularni tizimlashtirib, so‘zsevarlar (filologlar) o‘rtasida charxlab olinsa, tilimizga munosabat keskin o‘zgaradi. Har bir umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘rtacha 4 nafardan oliy ma’lumotli filolog o‘qituvchilar faoliyat yuritayotganini inobatga olsak, qolaversa, oliy o‘quv yurtlaridagi (olimu-ulamolar) unvondor ustozlaru-shogirdlarni soha amaldorlarini jarayonga diqqat-e’tiborini torta olsak jamiyatda tilimizga bo‘lgan hurmat muhiti keskin ijobiy, sermahsul tomonga yuz tutishi aniq. Bu mulohazalar faqat meniki emas.

Tilimiz sofligini saqlash, to‘g‘ri talaffuz qilish, o‘z o‘rnida ishlatish, xatosiz yozish kabi talablar hech qachon kun tartibidan tushmasligi kerak. Tilshunoslarni o‘zgalarning bu boradagi xatolari juda qattiq bezovta qilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda, ommaviy axborot vositalarida, xususan, oynai jahondagi ko‘rsatuvlarda xato qilish odatiy holga aylanib bo‘ldi. Shevada so‘zlashishni-ku aytmasak ham bo‘ladi. Do‘stlarim, har bir narsada bo‘lgani kabi tilda ham o‘lchov, me’yor bor. Ular tegishli holda tasdiqlangan. Unga hurmatsizlik butun bir millatga xurmatsizlik emasmi? Ayniqsa, ular o‘z ichimizda bo‘lsa.

Bu borada jamiyat katta umidni sohada bevosita faoliyat yuritayotgan kasb egalariga; so‘z bilan ishlaydigan ko‘p ming sonli o‘qituvchilarga, jurnalistlarga qaratadi.

Aynan yuqorida zikrimizda bo‘lganlar (yuqorida) hozirgina tanqidimizga uchragan holatda, me’yorni saqlashga kasb nuqtai nazaridan xato qilishga umuman haqqi yo‘q insonlar hisoblanadi. Butun dunyoda shunday qabul qilingan, ularni nafaqat so‘zlashuv yoki yozishuvda, balki tashqi ko‘rinishda, ijtimoiy tarmoqlardagi hulq-atvorda ham kasb majburiyatlari mavjud. Aynan jamoatchilik nazoratini ular olib borishi tegishli yozilgan va yozilmagan qonunlarimizda aks etgan. Lekin ularni kim eshitadi, kim himoya qiladi?

Vakolatini berdikmi? Tartibini ham keng jamoatchilikka havola qilib, tizimlashtiraylik, bu katta mablag‘ talab qilmasa kerak?! Xomcho‘tlarimizcha, 100 mingdan ortiq jamoatchilik nazorati qatnashchilari faollashadi.

Oddiy – “Davlat tili” deb nomlangan telegram kanal yoki Coll-markaz tashkil qilinsa yomon bo‘lmas edi. Shu jarayon boshlanguday bo‘lsa, odamlarda, kechirasiz, butun o‘zbekistonliklarda Davlat tiliga hurmat, daxldorlik muhiti shakllana boshlaydi. Davlatimiz buyuklik bo‘sag‘asiga buyuk tili bilan tashrif buyuradi.

O‘qituvchi-ustozlar yiliga 365 kun jamiyatda me’yorlarga moslikni namoyish etishga mas’ul hisoblanadilar. Ayniqsa, so‘zlashuv me’yorlari uchun o‘zbek tili o‘qituvchilarimiz, hurmatli ona tilimizni parvarishlovchilari ibrat namunasi bo‘lib hizmat qilishmoqda. Ular bilan bo‘ladigan  suhbatlarda ichidagi achinishlarni ham qog‘ozga o‘rab, me’yorni buzmay izoh berishlari tahsinga sazovor. Samarqandlik, men suhbatlarida bo‘lgan o‘qituvchim-ustozim Tohir aka Haqberdiyevning huzurlarida mana 48 yil bo‘libdiki, har so‘zni o‘ylab, o‘lchab gapirishga harakat qilaman. O‘z kasbining fidoyisi, deb shunday ustozlarni aytsa kerak. Kim bo‘lishingizdan qat’iy nazar, fursatini topib uddaburonlik bilan esdan chiqmaydigan qilib xatomizni to‘g‘rilab qo‘yishadi.

Nutqda me’yorga rioya qilmaslikni, avvalo, suhbatdoshga bo‘lgan hurmatsizlik deb tushunaman. Agar bu odatga aylansa-chi? Asta-sekin salomga yarasha alik oluvchilar armiyasi shakllanib boradi.

Faraz qiling, sizni nufuzli joyga ishga olish uchun suhbatga chaqirishdi. Soch-soqolni kuzamay, kir-chir usti-boshda bormasangiz kerak. Nutqdagi me’yorlar ham shu kabi talabchanlikni hurmat qiladi, bu  odatiy holga aylanishi uchun u qonun bilan tartibga solingan.

Kuyunchaklik hamma kasb egalarida bor. Astoydil o‘z kasbini sevadiganlar sohadagi yutuqlar bilan hayqiriq bilan kuyunadilar. To‘y-ma’rakalarda ham kezini keltirib targ‘ib ham qilib qo‘yishadi. Bunday suhbatda ilmni kuzatganday bo‘laman. Yodimdan chiqmaydigan dars bo‘ladi. Faraz qiling, oldi-qochdi suhbatlar emas, amalda ilmga asoslangan real misol haqida suhbat qurishga intilsak, bora-bora odatlansak, ilmlilar bilan suhbatlashish davr talabiga aylanadi. Tashkilot korxonalarda o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda minbar yetuk soha mutaxassislariga beriladi.

Jamiyat ilmlining ibrat namunasi darajasiga ko‘tarilishini ta’minlasa, ularday bo‘lish, ularga o‘xshash uchun o‘qish va ishlashga intilish boshlanadi. Negaki, jamiyatda nima e’zozda bo‘lsa, odam zoti o‘shanga intiladi.

Xalqaro YuNESKO tashkilotining 2021 yilgi ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab yo‘qolib ketish xavfida bo‘lgan 2 500 ta til mavjud. O‘z tiliga ega bo‘lmagan millatning mavjudligi haqida so‘z yuritilmaydi. Shu sabab ham, milliy g‘ururga, ma’naviyatiga ega bo‘lgan O‘zbek davlati va fuqarolari ona tilini asrab-avaylashga mas’ul.

O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotidagi va xalqaro miqyosidagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimizning, butun O‘zbekiston yoshlarining vatanparvarlik ruhida, millat an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashdan boshlanadi.

Mustaqilligimiz sharofati bilan milliy kurashimiz orqali “halol”, “yonbosh”, “chala”, “g‘irrom” kabi ko‘plab so‘zlarning jahon bo‘ylab ommalashib ketishi, yangi maqom kashf etishi, ixtisoslashib, soha terminiga aylangani tilimizning hurmatini oshirdi. Bu kabi misollarini ko‘plab davom ettirishimiz mumkin. Muddaomiz - tilimiz bayrami yilda 12 oy bo‘lsin.

Sohada xizmat qilayotgan doimo uyg‘oq, yangiliktalab, o‘tkirnazar, g‘oyasarbonlar sonminglardan oshib ketsin. Zehniyatimiz komillik fazilatlari qatorini qamrab olishda shoshib qolsin.

Mahmud BOBOYoROV.