O‘zbek xalqining kelib chiqishi qachondan boshlangan?
Bu haqda Samarqand davlat universitetining tarix fakulteti olimlari fikr yuritdi.
Ta’kidlashlaricha, o‘zbeklar alohida etnik birlik (elat) bo‘lib, Movarounnahr, Xorazm, qisman Yettisuv hududlarida shakllangan. O‘zbek xalqining asosini sug‘diylar, baqtriylar, xorazmiylar, farg‘onaliklar, shoshliklar, qang‘lar, sakmassagetlar kabi etnik guruhlar tashkil etgan.
Amudaryo va Sirdaryo oralig‘ida yuqoridagi qabila va elatlarning aralashuvi natijasida o‘troq hayotga moslashgan turkiy hududiy maydon va o‘zbek xalqiga xos antropologik qiyofa, ya’ni tashqi ko‘rinish shakllandi.
O‘zbeklar etnogenezida qatnashgan navbatdagi etnik guruhlar kushonlar, xioniylar, kidariylar, eftallardan iborat bo‘ldi.
O‘lkaga kirib kelgan Turk hoqonligi aholisi bilan mahalliy aholi o‘rtasida madaniy-xo‘jalik an’analarning jadal uyg‘unlashuvi yuz berdi. VIII asrda arab istilosidan keyin bu yerga Islom dini asosiy e’tiqod turi sifatida keng tarqaldi va islom dunyosi uchun qabul qilingan arab tili hamda yozuvi Markaziy Osiyo mintaqasida katta mavqega ega bo‘ldi.
Ayrim olimlar o‘zbek xalqining etnogenezi Qang‘ davlatidan (miloddan oldingi III - milodiy V asr o‘rtalarida) boshlangan degan so‘zlarini keltirgan. To‘g‘ri, Qang‘ davlati doirasida murakkab etnik jarayon yuz bergan. Ammo bu jarayon o‘zbek ajdodlariga xos etnogenetik jarayon edi. Shu jarayon tufayli Qang‘ davlati ichida miloddan oldingi II - milodiy I asrlar davomida mutlaqo yangi, turkiy tilli xalq, qang‘ar elati vujudga keladi. Bu elat eron tilli xalqlar bilan turkiy tilli qabilalarning aralashib, qorishib borishi natijasida tashkil topgan.
IX asrda Movarounnahr va Xorazmda yaxlit turkiy xalq qatlami, turkiy til muhiti mustahkamlana boshladi va o‘z navbatida sug‘diy hamda boshqa mahalliy etnoslarda ham turkiylashish jarayoni jadallashdi. Qoraxoniylar davrida o‘zbek xalqining shakllanishida yakuniy bosqich bo‘ldi.
Asl turkiylarning yuz tuzilishi xuddi hozirgiday uzunchoq, ko‘zlari ko‘k, qizlarining ko‘zi bodomqovoq, burunlari qirraburun, iyaklari uzunchoq, peshonasi keng, sochlari malla, tana tuzilishi esa xipcha bo‘lgan. Eroniyzabon turklarning ko‘rinishi ham xuddi Sibirdan kirib kelgan o‘g‘uz turkiylari kabi bo‘lgan, lekin ularning yonoq suyaklari chiqmagan, iyaklari to‘g‘ri uzunchoq bo‘lgan.
Turkiylar kirib kelgach, aralashuv natijasida ularning yuz tuzilishi ham o‘zgarib, uzunchoq emas, dumaloqroq bo‘la boshladi. Yevropa tarafdan kirib kelgan turkiylarning yuzlari biroz dumaloqroq, ikki yonoq suyagi chiqqan, ko‘zlari qo‘yko‘z, tana rangi bug‘doyrang, jussasi baquvvat bo‘lgan. Ikki turkiy qorishgach, o‘zbek xalqi paydo bo‘ldi. Ularning antropologik tipi ikki daryo oralig‘i tipi deyiladi.
O‘zbek xalqining shakllanishida asosiy ikkita xalqning qiyofasi bor: biri qadimiy sug‘diy, xorazmiy, boxtariy bo‘lsa, ikkinchisi turkiy o‘g‘uzlar. O‘zbeklar xalq sifatida XI-XII asrlarda shakllangan. O‘zbek xalqining kelib chiqishida muhim faktor, bu - til va ular birlashgan siyosiy uyushma bo‘lib, bu jarayon Qoraxoniylar davrida turkiy tilning hukmron bo‘lgani bilan yakunlangani, bugungi kunga qadar eng ko‘p tarafdor topgan fikr hisoblangan.