O‘zbekiston bezgakdan xoli hududga aylanganmi?

* 25 aprel - Butunjahon bezgakka qarshi kurash kuni

Bezgakka qarshi kurash natijasida 1961 yil ushbu kasallikka chalingan so‘nggi bemorlar ham davolanib sog‘lomlashtirilgan. Shunga qaramay, 90-yillarda ayrim qo‘shni mamlakatlarda sodir bo‘lgan bezgak epidemiyasi oqibatida yurtimizda ushbu kasallikning tarqalishi xavfi paydo bo‘lgan edi. Tezkor chora-tadbirlar natijasida yurtimizda o‘sha yillari bezgak xavfining oldi olingan. Hozir ham tegishli idoralar tomonidan bunday tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Negaki, jahonda hali to‘la bezgakni bartaraf etishga erishilmagan ekan, amaliy tadbirlar hamon susaytirilmaydi.

2007 yili 25 aprel - Butunjahon bezgakka qarshi kurash kuni, deb e’lon qilingan bo‘lsa, qariyb 13 yildirki, ushbu sana munosabati bilan butun dunyoda bir yil ichida bu borada amalga oshirilgan ishlar, natijalar sarhisob qilinadi.

Alohida ta’kidlash kerak, O‘zbekiston 2018 yilda bezgakdan xoli hudud degan iliminatsiya sertifikatini oldi.

Aholi migratsiyasi jahondagi bir qator davlatlarda bezgak kasalligi bo‘yicha noxush epidemiologik vaziyatning saqlanib turganligi tufayli mazkur xastalik mamlakatimizga ham kirib kelish xavfi mavjud. Shuning uchun ham bu borada xotirjamlikka berilish mumkin emas.

Muhimi, bemor o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilsa, uni davolash mumkin. Har qanday betoblikni bee’tibor o‘tkazmaslik, ayniqsa, bezgak chivinlari chaqishdan ehtiyot bo‘lish, xonadonlarda chivinlarning ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.

Umirqul MURODOV,

viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi shifokori.