O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutiga yangi rahbar tayinlandi
Bugun oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti jamoasi ishtirokida muassasa faoliyatini rivojlantirish yuzasidan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazdi.
Tadbirda vazir so‘nggi vaqtlarda institut faoliyati yuzasidan ko‘plab shikoyat va e’tirozlar kelib tushayotganiga to‘xtalib, ularda asosan ichki ijtimoiy-ma’naviy muhit yaxshi emasligi, qarindoshchilik, guruhbozlik avj olganini tanqid qildi.
Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida talabalarning sifatli ta’lim olishi uchun zarur sharoitlar yaratilmagani ham aytib o‘tildi.
- Bu holat hatto ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinishigacha bordi, – dedi vazir. - Aslida ushbu muammo oliygohning ichki masalasi bo‘lib, afsuski, muassasa ichida tushuntirish, murosai madora, tashkiliy masalalarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish orqali hal etilishi kerak edi. Ammo ko‘rib turganingizdek, bundan keng jamoatchilik ham xabar topdi.
Iyun oyida buyruq asosida maxsus tuzilgan ishchi guruh tomonidan institut faoliyati o‘rganilib, kamchiliklar yuzasidan berilgan ogohlantirishlarga qaramasdan holat o‘nglanmagan.
Akram Begmatov institut direktori (vazifasini vaqtincha bajaruvchi) etib o‘tgan yili ayni shu vaqtda tayinlangan edi. Bugun xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani, muassasada ta’lim jarayonini to‘g‘ri tashkil etmagani va ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlamagani uchun u o‘z vazifasidan ozod etildi.
Institutga rektor tayinlanguniga qadar vazifani vaqtincha bajarish Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Faxriddin Esanboboyevga yuklatildi. Unga qisqa muddatda pedagogik jamoada sog‘lom muhitni shakllantirish, talabalar uchun zarur sharoitlar yaratish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
Bundan keyin muassasadagi har bir holat va jarayonlar vazirlik nazoratida bo‘lishi ta’kidlandi.