O‘zbekiston gidlar uyushmasi vakillari Samarqanddagi ziyoratgohlarda bo‘ldi

O‘zbekiston gidlar uyushmasi vakillari yangi ziyorat va ekologik marshrutlarni yaratish uchun Samarqandga bordi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi gidlar uyushmasi vakillari yangi ziyorat va ekologik marshrutlarni yaratish uchun foto va video materiallarni tayyorlash, ob’yekt va joylar to‘g‘risida ma’lumot to‘plash maqsadida Samarqandga bordi. Suratga olish ishlari Shohi Zinda majmuasi, Registon maydoni, Imom Al-Moturidiy maqbarasi, Amir Temur maqbarasi, Ulug‘bek rasadxonasi hamda Samarqandning boshqa ziyoratgohlarida amalga oshirildi.

Tayyorlangan barcha materiallar kelgusida uyushma qoshidagi Mentorlar maktabi (Ustozlar maktabi) uchun o‘quv qo‘llanma va video-ma’ruzalar yaratish uchun ishlatiladi. Shuningdek, maktab kelgusida ziyorat, ekologik va faol turizm turlari haqida ma’lumotga ega bo‘lgan rahbarlarni tayyorlash maqsadida tashkil etilgan. Undan tashqari, O‘zbekiston Gidlar uyushmasi vakillari Navoiy va Buxoro viloyatlariga ham tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.