Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida» nomli kitob-albomi nashrdan chiqdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan “O‘zbekiston” nashriyotida “O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” nomli kitob-albomi nashr etildi.

Prezidentimizning 2021 yil 20 apreldagi “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qarori bilan tasdiqlangan “9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi”da xalqimizning Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaga qo‘shgan munosib hissasini chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, unga doir yangi hujjatlar bilan xalqimizni tanishtirish vazifasi belgilangan edi.

“O‘zbekiston” nashriyoti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz bilan hamkorlikda chop etilgan mazkur kitob-albomi yuqoridagi vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan.

Kitob-albom O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning G‘alabaning 75 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori, “G‘alaba bog‘i – Xotira va qadr maskani”, “Matonat madhiyasi” monumenti – ona Vatan ramzi”, “Mangu jasorat” monumenti”, “Shon-sharaf” davlat muzeyi”, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasidagi ilmiy-ma’rifiy va ommaviy-madaniy tadbirlar”, “Minnatdorlik tuyg‘ulari”, “Xalqaro e’tirof”, “Xalqimizning jasorati va matonati haqida hikoya qiluvchi yangi asarlar”, “Ikkinchi jahon urushi va O‘zbekiston: yangi tadqiqotlar va izlanishlar ob’yekti”, “Mangu jasorat namunalari”, “Yangi arxiv hujjatlari”, “Front gazetalari”, “Askar xatlari”, “Mehr-saxovat va chin insoniylik namunasi”, “Unutmas sizlarni Vatan”, “Xalq jasoratiga ehtirom”, “Ajdodlar jasorati – tinchlik va taraqqiyotimizning mustahkam zamini” kabi bo‘limlardan tarkib topgan.