O‘zbekiston quyoshi “ta’mi” aks etgan film yaratilmoqda
O‘zbekiston kinematografiya agentligi Rossiyaning "Sputnik Vostok Prodakshen" kinokompaniyasi bilan "Quyosh ta’mi" filmini suratga olish bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzolagan edi.
Shu kunlarda Samarqand shahrida ushbu filmni tasvirga olish ishlari boshlandi.
Dastlab ijodiy jamoa Buxoro shahrida bo‘lib, so‘ng Samarqand hamda Toshkent viloyatida ijodiy jarayonni davom ettiradi.
Samarqand shahrida asosiy suratga olish jarayonlari Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Ulug‘bek rasadxonasi, Afrosiyob xarobalari, Ciyob bozori hududida olib boriladi.
- Mazkur film rossiyalik kinoijodkorlar bilan ko-produksiya, ya’ni hammualliflikda suratga olinayotgan filmlardan biri, - deydi filmning O‘zbekistondagi ijrochi direktori Sayyora Xudoyberdiyeva. - Ikkinchisi Rossiyada ijod qilib kelayotgan o‘zbekistonlik taniqli aktyor Farhod Mahmudovning O‘zbekiston kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda suratga olayotgan "Pari sovg‘asi" filmidir. Hozirda filmni Xiva shahrida tasvirga olish ishlari tugallanmoqda. Samarqandda tasvirga olinayotgan “Quyosh ta’mi” filmi sarguzasht janrida bo‘lib, oilaviy tomosha qilinadigan kino.
O‘tgan yili biz Moskvada bo‘ldik, ular bu yerga kelishdi. Umumiy sharoitlarni o‘rgandik. Va kelishuvga ko‘ra, asosiy tasvirlar O‘zbekistonda suratga olinadigan bo‘ldi. Film prodyusseri Aleksandr Kessel yurtimizda bo‘lganida quyoshimizning o‘ziga xos “ta’mi” borligini his qildi. Erta tongda quyoshning chiqishi va botishi ijodkorlarda o‘ziga xos taassurot qoldirdi va film “Quyosh ta’mi” deb nomlandi. Chunki rossiyalik ijodkorlar dastlab filmni Uralda suratga olishmoqchi bo‘lgan. Va nomi “Daryo” edi. Film qahramonlari bobo va nabira Buxoro amirining xazinasini izlab, Samarqand, Toshkent viloyatida bo‘lishadi. Hatto, Registon maydonidagi madrasalardagi naqshlardan ham hikmat izlaydi. Filmning qolgan voqealari sir bo‘lsin. Joriy yilning uchinchi choragida filmning premerasini o‘tkazishni rejalashtirganmiz.
Bosh rollar rossiyalik kinoaktyorlar Aleksandr Ilin, Andrey Merzlikin, o‘zbekistonlik aktyorlardan Muhammadiso Abdulxayirov, nevara obrazlari yosh debyutant Kamola Usmonova va yosh aktyor Leonid Basov tomonidan ijro etiladi.
O‘zbekiston kinematografiya agentligi viloyat hududiy bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yil 8 aprelda qabul qilingan “Kino san’ati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” Prezident farmoniga ko‘ra, 2021 yil 1 iyuldan boshlab savdo maydoni 15 ming kvadrat metrdan ortiq yangi quriladigan savdo markazlarida kinoteatr tashkil etish majburiy tartibi o‘rnatiladi. Kinoteatrlarda jami o‘rindiqlar soni 300 tadan va 4 ta kinozaldan kam bo‘lmasligi zarurligi belgilangan. 2024 yil 1 yanvarga qadar kinoteatrlar raqamli proyektorlar bilan jihozlansa, ularni xarid qilish xarajatlarining 50 foizi davlat byudjetidan qoplab beriladi.
Samarqand shahridagi “Sharq yulduzi”, Jomboy tumanidagi “Zarafshon” va Qo‘shrabot tumanidagi “Qo‘shrabot” davlat kinoteatrlarida ta’mirlash ishlari olib boriladi. Hozirda O‘zbekiston kinematografiya agentligi bilan viloyat hokimligi hamkorligida tarixiy siymolarimiz Bahodir Yalangto‘sh va Imom Buxoriy haqida hujjatli filmlarni suratga olish uchun tayyorgarlik jarayonlari ketmoqda.
Nasiba Jonto‘rayeva.