O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenining shakli tasdiqlandi
Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenining shakli, matni va tavsifi tasdiqlandi. Belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning familiyasi, ismi va otasining ismi saylov byulleteniga, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish natijalari hamda saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalarga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi tartibida kiritiladi.
Shuningdek, majlisda ayrim saylov uchastkalarida saylov jarayonini video-translyasiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, saylov kuni ovoz berish jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) video-translyasiya qilish maqsadida respublikaning barcha tuman va shaharlari hududida joylashgan ikkitagacha saylov uchastkalarida videokamera va boshqa zarur qurilmalar o‘rnatish yuzasidan aniq choralar belgilab berildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Ta’kidlash joiz, biometrik identifikatsiya qilish – saylovchining shaxsini hamda mazkur saylov uchastkasining saylovchilari ro‘yxatida mavjud yoki mavjud emasligini maxsus qurilmalar orqali Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalangan holda tekshirish va tasdiqlash jarayoni tushuniladi.
Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ovoz berish jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish maqsadida saylovni o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasining tavsiyasiga asosan Toshkent shahrining tumanlari hududida joylashgan ayrim saylov uchastkalarida saylov kuni saylovchilarni biometrik identifikatsiya qilish tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etilmoqda. Majlisda tajriba-sinov tariqasida ayrim saylov uchastkalarida saylovchilarni biometrik identifikatsiya qilish tartibi tasdiqlandi va qaror qabul qilindi.
Majlisda Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi axborot tinglandi va Markaziy saylov komissiyasi rahbariyati va a’zolari tomonidan muhokama etildi.