O‘zbekiston va Turkiya o‘rmonlar yaratishda hamkorlik yo‘lga qo‘ymoqda

O‘zbekiston Respublikasi o‘rmon fondi yerlari 12 million gektardan ziyod maydonni egallaydi, o‘rmonlarning ko‘p qismi baland tog‘lar yon bag‘irlarida va vodiy hududlarida joylashgan. Mamlakatda daraxtzorlarning qariyb 70 turi, butalarning 320 turi va yarim butali o‘simliklarning 130 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, 320 dan ortiq noyob va yo‘qolib borayotgan o‘simlik turlari O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) mutaxassislari fikriga ko‘ra, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun samarali, xilma-xil va sog‘lom o‘rmonlarni saqlash juda muhimdir. Bunda hamkorlikni rivojlantirish va ilg‘or xorijiy tajribani o‘zlashtirish muhim o‘rin tutadi.

Turkiyaning o‘rmonchilik sohasidagi tajribasi bilan tanishish va o‘rmonlarning bioxilma-xilligini saqlash hamda ularni qayta tiklash bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida 2022 yil oktyabr oyi oxirida FAO mutaxassislari, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Turkiyaga safar qildi.  

Tashrif O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Global Ekologik Jamg‘armasi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan FAOning O‘zbekistondagi ikkita loyihasi – “O‘zbekiston tog‘ va vodiy hududlarida o‘rmonlarni barqaror boshqarish” milliy loyihasi hamda “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi  ko‘magida tashkil etilgan.  

Anqarada delegatsiyamiz a’zolari FAOning Markaziy Osiyo bo‘yicha submintaqaviy koordinatori Viorel Gutsu bilan uchrashdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi Nizomiddin Bakirov FAO tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar samaradorligini yuqori baholadi va hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha taklif bilan chiqdi.  

Xususan, tomonlar o‘rmon xo‘jaligi va bioxilma-xillikni saqlash sohasida kadrlar salohiyatini oshirish, shuningdek, Global Ekologik Jamg‘arma resurslarini jalb qilgan holda Orol dengizi landshaftlarini tiklash bo‘yicha yangi loyihalarni ishlab chiqish va keyinchalik amalga oshirish zarurligi to‘g‘risida kelishib olishdi.  

Bundan tashqari, FAOning O‘zbekistondagi yangi tashabbusi - "O‘zbekistonning qurg‘oqchil ekotizimlarida o‘rmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish" loyihasi yer va o‘rmon resurslarini barqaror boshqarish va yerlar degradatsiyasining neytral muvozanatini saqlash uchun landshaftlar tiklanishiga salmoqli hissa qo‘shishiga umid bildirildi.

So‘ngra O‘zbekiston delegatsiyasi III O‘zbekiston-Turkiya o‘rmon xo‘jaligi qo‘shma konferensiyasida ishtirok etdi. Turkiya tomonidan Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Veysal Tiryaki boshchiligida tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari qatnashdi. O‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashish, yong‘oq plantatsiyalarini yaratish, tog‘ o‘rmonlarini barpo etish, suv omborlari atrofida o‘rmon plantatsiyalarini yaratish, o‘rmon bioxilma-xilligini saqlash, shuningdek, o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha samarali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.  

Uchrashuv yakuni bo‘yicha yuqoridagi yo‘nalishlarda umumiy qiymati 2 million dollarlik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Bundan tashqari, Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi tomonidan O‘zbekistonning degradatsiya va eroziyaga uchragan o‘rmonlarida tog‘ terrasalarini yaratishni qo‘llab-quvvatlash uchun umumiy qiymati 300 ming dollar bo‘lgan 2 ta mini-ekskavator berildi.  

Delegatsiyamiz Turkiyaga tashrifi davomida Elazig hududida sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish doirasida tog‘ o‘rmonlarini yaratishning o‘ziga xos jihatlari bilan ham tanishishdi. Shu bilan birga, delegatsiya a’zolari ko‘chatxonalarda ko‘chat yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini qo‘llash, daraxtlar urug‘larini yetishtirish, qayta ishlash va saqlash usullariga alohida e’tibor qaratdi.

Vakillarimiz Kastamonu viloyati o‘rmonlariga ham tashrif buyurib, 60 metr balandlikda 3 kilometr uzunlikdagi ekologik so‘qmoq joylashgan Horma kanonida yaratilgan turistik infratuzilma imkoniyati bilan tanishdi. Betakror tabiat manzarasi nafaqat mahalliy, balki xorijlik sayyohlarni ham o‘ziga tortadi. O‘rganilgan tajriba va yangi texnologiya hamda ko‘nikmalarni keyinchalik qo‘llash O‘zbekiston hududlarida o‘rmonlarni qayta tiklash, o‘rmonzorlarni ko‘paytirish, turizmni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega bo‘ladi.

O‘zA