O‘zbekistonda paxta qulligi tugadi, terim endi “jazo” emas — Corriere della Sera

Italiyaning Corriere della Sera nashri O‘zbekistonda paxta terimi boshlanayotgani haqida yozib, dalada majburiy mehnatga barham berilganini e’tirof etdi.

Bir necha kundan so‘ng O‘zbekistonda paxta terimi boshlanadi, bu amaliyot o‘nlab yillar davomida majburiy mehnat bo‘lib kelgan, o‘g‘it va pestitsidlar esa tuproqqa zarar yetkazgan, deyiladi maqola boshida. Paxta plantatsiyalarini sug‘orish maqsadida Amudaryo oqimining o‘zgarishi suv sathining kamayishiga olib keldi — Orol dengizi asta-sekin quridi. Uning o‘rnini Orolqum cho‘li egalladi, ilgari paxta dalalarida gerbitsidlar intensiv ishlatilgani sabab hozir cho‘l qumlarida ifloslantiruvchi moddalar mavjud. G‘arb va sharqqa esadigan shamollar qumlarni olis masofalarga olib ketadi. Qumdagi pestitsidlar Rossiyada, Norvegiya o‘rmonlarida, Grenlandiya muzliklarida va hatto Antarktidadagi pingvinlarning qonida topilgan.

Sovet davrida, ya’ni 1991 yilgacha paxta plantatsiyalari ikki million gektardan ortiq maydonni — O‘zbekistondagi ekin maydonlarining 98 foizini egallagan. Yillik ishlab chiqarish taxminan 4,5 million tonna paxta xom ashyosini tashkil etgan, ya’ni SSSRdagi umumiy ishlab chiqarishning 60 foizidan ortiq. Paxta O‘zbekiston aholisi uchun jazo ham edi, chunki yarim million katta yoshli aholi, ikki million bolalar hosilni terib olishga majbur bo‘lardi. “Hamma paxta terimiga tayyor” shiori ostida dalaga chiqish asosiy vazifa bo‘lgan, bundan qochishga imkon yo‘q edi. Boshqa barcha ishlar ortga tashlangan. Universitetlar, maktablar va kasalxonalar yopilgan. Shifokorlar, hamshiralar, o‘qituvchilar va talabalar yeng shimarib, paxtaga chiqishga majbur bo‘lgan. Viloyatlar o‘rtasidagi musobaqada butun o‘zbek jamiyati ishtirok etar, bu musobaqa mahalliy televideniye orqali ham namoyish etilardi. Oq oltinni eng ko‘p tergan viloyat g‘olib deb topilardi.

Yaqin haftalarda O‘zbekistonning paxta dalalarida na shifokorlar, na o‘qituvchilar va universitet professorlar, na bolalar bo‘ladi. Xalqaro mehnat tashkiloti (Jenevada joylashgan XMT) Jahon banki bilan hamkorlikda o‘tkazgan tekshiruvga muvofiq, 2021 yilgi ishlab chiqarish siklida Toshkent nihoyat majburiy mehnatga barham berishga muvaffaq bo‘ldi. XMT ma’lumotlari e’lon qilinishi bilan bir vaqtda jahonning eng yirik to‘qimachilik kompaniyalari o‘zbek paxtasiga boykotni olib tashladi va Markaziy Osiyoda O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochildi.

Sentyabr oyining o‘rtalaridan dekabr oyining oxirigacha paxta terimi endi majburiyat bo‘lmas ekan, bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu boradagi ishlarga sadoqatini ifodalaydi, deydi Italiya gazeta. 2016 yildan beri hokimiyatda bo‘lgan Mirziyoyev XMTning majburiy va bolalar mehnatiga qarshi konvensiya sini darhol ratifikatsiya qildi, so‘ng asosiy e’tiborni iqtisodiyotni liberallashtirish va qo‘shni davlatlar bilan diplomatik munosabatlarni yaxshilashga qaratdi.

Bugun O‘zbekiston dehqonlari o‘zlari xohlagan mahsulot yetishtirishi, hattoki mahsulotini eksport qilishi mumkin. Yerga ishlov bermoqchi bo‘lganlar, paxta terishni istaganlar bularni haq evaziga bajaradi. Keyingi yillarning yana bir yangiligi – klasterlar, ya’ni vertikal ishlab chiqarish bo‘linmalari paxta yetishtirishdan boshlab, paxta tolasi, gazlama, so‘ngra eksport uchun mahsulot ishlab chiqarishmoqda. O‘zbekiston endi paxtani emas, ko‘pincha G‘arbning yirik kompaniyalari brendi tushirilgan tayyor mahsulotlarni eksport qilmoqda.