O‘zbekistonda Prezidentlik saylovini tashkil etishning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari

Xalqimizning tarixiy yutug‘i – bu mustaqillik hisoblanadi. Mustaqillik tufayli milliy davlatchiligimizga asos solindi, mustaqhkam huquqiy tizim barpo etildi, davlat oliy hokimiyat organlari tashkil etildi. Prezident davlat boshlig‘i va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlaydigan eng oliy mansabdor shaxs sifatida konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ldi.

Prezidentlik institutining vujudga kelishi xalqimizning asriy orzu umidlarini ro‘yobga chiqarish, borliqning buyuk ne’mati hisoblangan insonni ulug‘lash, unga tegishli barcha huquq va erkinliklarni amalda ta’minlash,  O‘zbekistonnning har bir fuqarosini davlat va jamiyat boshqaruvida ishtirokini ta’minlash hamda kafolatlash bevosita mamlakat Prezidentiga bog‘liq bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Konstitutsiyaga va qonunlarga asoslanib hamda ularni ijro etish yuzasidan respublikaning butun hududida majburiy kuchga ega bo‘lgan farmonlar, qarorlar va farmoyishlar chiqarish vakolatiga ega bo‘lgan mansabdor shaxs sifatida davlat tepasida turadigan bo‘ldi.

Mamlakatda oliy maqomga ega bo‘lgan shaxs - Prezident saylovini tashkil etish bilan bog‘liq yangi, xalqaro standartlarga mos bo‘lgan, tarixiy qadriyatlar va ajdodlarimiz davlatchiligi tajribasini aks ettirgan mustahkam qonunchilik bazasining shakllantirilishi davlat hokimiyati tizimida Prezidentlik institutining mustahkam o‘rnini belgilab berdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonun Prezident saylovining huquqiy asoslarini belgilab bergan, hatto Konstitutsiyamizdan ham avval amalga kiritilgan dastlabki huquqiy hujjat hisoblanadi. Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshirishlari, nomzodga alohida talablar qo‘yilagani, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida o‘n yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi va boshqa shu kabi normalar davlat boshlig‘ining lavozimga kelishiga oid tamomila yangi qoidalar bo‘lib, ular keyinchalik siyosiy tizimga aloqador qonunchilikning vujudga kelishini ta’minladi.

Shu bois ham Prezidentlik sayloviga oid qonunchilik va saylov natijasida to‘plangan tajriba, xalqaro normalar bilan uyg‘unlashtirilgan holda 1992 yilda qabul qilingan Konstitutsiyamizda o‘z aksini topdi. Konstitutsiyada Prezidentning maqomi, unga berilgan vakolat va majburiyatlar hamda uning uning davlat hokimiyati tizimida tutgan o‘rni alohida belgilab berildi. O‘tgan yillar davomida Prezident davlat boshlig‘i sifatida o‘ziga yuklatilgan barcha vazifa va majburiyatlarni to‘la ado etishi oqibatida mustahkam davlat hokimiyatining shakllanishi hamda davlatimizning dunyoda munosib o‘rin egallashiga erishildi. O‘zbekiston va uning xalqi Prezidenti orqali hurmat topdi, xalqaro maydonda obro‘ga ega bo‘ldi.

Qonunda va keyinchalik Konstitutsiyada fuqarolarning siyosiy huquqlari sifatida saylovda ishtirok etishi bilan bog‘liq yangi qoidalar amalda tadbiq etila boshlandi. Xususan, 1991 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshirishlari belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, 1994 yil 5 mayda kuchga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunida fuqarolar ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy mavqei, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabati, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’i nazar, teng saylov huquqiga ega ekanligi mustahkamlab berildi.

Fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmasligi, saylovchilar qayerda bo‘lishlaridan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida bevosita qatnashish huquqi kafolatlanishi, saylovchilar o‘z xohish-irodalarini erkin bildirish va yashirin ovoz berish huquqiga ega ekanligi, uchastka saylov komissiyalari ovoz berishni maxsus ajratilgan binolarda tashkil etib, fuqarolarga xohish-irodani erkin va yashirin ravishda bildirish imkoniyatini yaratib berishlari, saylov kuni o‘z turar joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar oldinroq ovoz berish huquqiga ega ekanligi, saylovchilarning xohish-iroda bildirishlarini nazorat etishga yo‘l qo‘yilmasligi, saylovchilar saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar va ayrim nomzodlarning kelgusi faoliyat dasturi bilan tanishish huquqiga ega ekanligi kabi qator huquqlarning mustahkamlanishi oliy demokratik qadriyat sifatida qonunchilika e’tirof etildi.

Keyinchalik Konstitutsiyaning 117-moddasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega ekanligi, har bir saylovchida bir ovoz huquqi borligi, ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanishi, saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilishish, o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga ega deb belgilab qo‘yilgani siyosiy huquqlarning eng Asosiy qonun darajasida mustahkamlandi. Bu o‘z navbatida xalqning davlat hokimiyatining birdan bir manbai ekanligidan dalolat beradi.

Saylovlarda kuch ishlatish, aldash, qo‘rqitish orqali yoki boshqa yo‘llar bilan fuqarolarning saylash va saylanish, saylovoldi agitatsiyasini olib borishdan iborat huquqlaridan foydalanishlariga to‘sqinlik qilish, shuningdek hujjatlarni soxtalashtirish, ovozlarni atayin noto‘g‘ri sanash, Prezident saylovi haqidagi, hokimiyatning vakillik organlariga saylov to‘g‘risidagi qonunlarni buzish javobgarlikka sabab bo‘lishi kafolat sifatida belgilab qo‘yildi.

Mamlakatni modernizatsiya qilishdan ko‘zlangan maqsad - konstitutsiyaviy islohotlarning amalga oshirish, avvalo, Konstitutsiyaga muhim o‘zgartish va to‘ldirishlar kiritish orqali davlat oliy hokimiyat organlari tizimida Prezidentning o‘rnini yanada yaqqolroq ko‘rsatish, muqaddam unga tegishli bo‘lgan ayrim vakolatlarni boshqa hokimiyat organlariga o‘tkazib borish, davlat hokimiyati organlari o‘rtasida bir-birini tiyib turish va ular o‘rtasida muvozanatni ta’minlash kabi muhim prinsiplarni amalda ta’minlashga qaratilmoqda.

Xususan, 2014 yil aprelda Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar mamlakatimizda barcha saylovlarni, jumladan, Prezident saylovini Konstitutsiyaviy asoslarda tashkil etish va o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan organ - O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining maqomini takomillashtirishga qaratilgani bilan ajralib turadi.  Ya’ni, Markaziy saylov komissiyasi konstitutsiyaviy organga aylantirildi. Konstitutsiyaning 117 - moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikka asoslanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasining saylov to‘g‘risidagi hamda referendum to‘g‘risidagi qonunlariga va boshqa qonunlarga amal qiladi.

Prezident saylovchining ochiq, oshkora, demokratik asoslarda tashkil etilishi va o‘tkazilishi, Prezidentlikka nomzodlarga teng huquqlarning berilishi, saylov targ‘iboti va tashviqotining o‘tkazilishida qonuniylik va ochiqlikni ta’minlash saylovchilar tomonidan munosib nomzodni tanlab olish imkonini beradi. Prezident saylovining Konstitutsiya va qonunlar asosida to‘g‘ri tashkil etish kelajagimiz kafolati hisoblanadi.

Mustaqillik yangicha fikrlaydigan, o‘z qarorini mustaqil qabul qiladigan, huquqiy va siyosiy madaniyati yuqori bo‘lgan yangi avlod saylovchilar jamiyatini shakllantirdi. Bugungi saylovchi o‘z taqdirini, kelajagini, farovon hayot va munosib turmush tarzini, tinchlik va barqarorlikning kafolatini bera oladigan nomzodni qanday tanlashini yaxshi biladi. Buning uchun esa mamlakatimizda yetarli huquqiy asoslar mavjud.

Gulnora XUDAYBERDIYeVA,

TDYuU ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.