O‘zbekistonga olib kiriladigan ayrim transport vositalarini ekologik sertifikatlash tartibi belgilandi

Hukumatning 30 yanvardagi qarori bilan yurtimizga olib kiriladigan “M” va “N” toifalardagi g‘ildirakli yangi transport vositalarining ekologik toifa talablariga muvofiqligini ekologik sertifikatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslar O‘zbekistonga olib kiriladigan g‘ildirakli yangi transport vositalarining ekologik toifa talablariga muvofiqligi bo‘yicha ekologik sertifikatlash hujjatlarini “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri sertifikatlash organiga taqdim etadi.

G‘ildirakli yangi transport vositalari - ishlab chiqarilgan kundan boshlab 3 yildan ortiq vaqt o‘tmagan yo‘lovchilar, bagaj va yuklarni tashish hamda maxsus ishlarni bajarish uchun mo‘ljallangan avtomobillar, shatakka oluvchi avtomobillar, tirkamalar va yarim tirkamalar hisoblanadi.

Ekologik sertifikatlash organi tomonidan mazkur transport vositalarining ko‘rsatkichlari ifloslantiruvchi moddalar tashlamalari me’yorlariga muvofiqligi tahlil qilinadi.

Ekologik sertifikat g‘ildirakli yangi transport vositasini bojxonada rasmiylashtirish maqsadida bojxona organiga taqdim etiladi.

Arizani ko‘rib chiqish, ekologik sertifikatlash jarayonini amalga oshirish va ekologik sertifikat berish yoki uni berishni rad etish bo‘yicha ishlarning qiymati tomonlar kelishuvi asosida tuzilgan shartnomaga muvofiq belgilanadi.

Ushbu qaror 2022 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2019 yil 30 oktyabrdagi farmoniga asosan 2022 yil 1 yanvardan boshlab zaharlilik darajasi “Yevro-4” ekologik toifa talablariga mos kelmaydigan gaz, benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan “M” va “N” toifalaridagi g‘ildirakli transport vositalarini foydalanish va ularni sotish maqsadida “vaqtincha olib kirish” va “erkin muomala (import) uchun chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirish man etiladi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.