O‘zbekistonlik tahliliy markazlari vakillari Ozarbayjonda bo‘ldi

Boku shahrida mamlakatimizning yetakchi tahliliy markazlari – MOXI, XAATM, SMTI, MMTI, IRTMdan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Ozarbayjon Iqtisodiy tadqiqotlar instituti (ESRI) ekspertlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi turli sohalar, jumladan, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika kabi sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Ushbu muhim tarmoqlarda hamkorlikni rivojlantirish orqali Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mintaqalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan Iqtisodiy tadqiqotlar instituti direktorlar kengashi raisi M.Gumbatov ikki tomonlama munosabatlarning bugungi dinamikasini ijobiy tavsifladi. O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Ozarbayjonga bo‘lajak davlat tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlariga yangi sur’at bag‘ishlashi alohida ta’kidlandi.