O‘zbekistonliklar Tatariston yirik ishlab chiqarish kompaniyalarida ishlashi mumkin
Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasi delegatsiyasi Samarqandga keldi.
Samarqand shahridagi "Monomarkaz"da Tatariston Respublikasi mehnat, bandlik va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Elmira Zaripova, ta’lim va fan vaziri Ilsur Hadiullin boshchiligidagi delegatsiya a’zolari kadrlar tayyorlash masalalari bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi.
Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutasaddilari, viloyatdagi tashkilot rahbarlari, professional ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari direktor hamda o‘rinbosarlari qatnashdi.
Shuningdek, uchrashuvda Tatariston Respublikasining vazirliklari hamda yirik ishlab chiqarish va qurilish sanoati kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Muzokara davomida professional ta’lim sohasida bugungi rivojlanayotgan mehnat bozori uchun hamkorlikda malakali kadrlar tayyorlash va ularning Tatariston yirik ishlab chiqarish kompaniyalarida munosib bandligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, muloqotda ikki davlat professional ta’lim muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish va soha o‘qituvchilari malakasini oshirish borasida hamkorlik aloqalarini kengaytirishga kelishib olindi.
Shu kunning o‘zida delegatsiya a’zolari Samarqanddan Navoiy viloyatiga jo‘nab ketdi.