O‘zbekistonning birinchi bosh prokurori

Birinchi darajali davlat adliya maslahatchisi Bo‘ritosh Mustafoyev hayot bo‘lganida 75 yoshga kirgan bo‘lar edi.

Ustozim haqida yozish men uchun faxr. Negaki, butun faoliyatim davomida ana shu fidoyi insonning, atoqli davlat arbobining odamgarchilikda betimsol kishining yonida turib ishladim, maslahatigina emas, beminnat ko‘maklariga sazovor bo‘ldim. Muhimi, bunday insonlar O‘zbekistonimizda sanoqli ekanligiga o‘sha paytdayoq ishonch hosil qilganman.

Bo‘ritosh aka Xatirchidagi oddiy dehqon oilasida tug‘ilib voyaga yetgan. Ilmga chanqoqlik, zehn, zakovat, farosat kabi ajoyib xislatlar butun umri davomida u kishiga quvvat manbai bo‘lib kelgan. Shunday fazilatlarga ega bo‘lgan odamgina ikki-uch urinishdan so‘ng Toshkent davlat universiteti yuridik fakultetiga o‘qishga kirishiga hamda oddiy tergovchilikdan respublika bosh prokurori darajasiga erishishi mumkin edi.

- Bo‘ritosh bilan bir guruhda o‘qiganmiz. Undagi g‘ayrat-shijoatga, qanoat va sabrga havas qilganmiz. Bizdan sal yoshroq bo‘lsa-da, fanlarni o‘zlashtirishda barchamizga ibrat bo‘lar edi, - deydi faxriy sudya Ibrohim Ochilov. - Unda nafaqat og‘aynilarga, balki hamkasblarga, shogirdlarga nisbatan ham oqibat kuchli edi.

B.Mustafoyev bilan ishlash jarayonida kamina u kishining o‘z kasbini puxta bilishga intilganini, xorij huquqshunosligini o‘rganganini, har bir masalada bosiqlik bilan xulosa chiqarganini ko‘rganman. Ehtimol, shuning uchundir Narpay tumanidagi yoshi ulug‘lar hali-haligacha tuman prokuraturasining oddiy tergovchisi, keyinchalik prokuror o‘rinbosari bo‘lib ishlagan B.Mustafoyev haqida hurmat bilan gapiradilar. Bo‘ritosh aka keyinchalik ishlagan boshqa viloyatlardan ham ana shunday iliq xotiralar eshitaman.

Bo‘ritosh akaning yutug‘i shunda ediki, u kishi prokuraturada oddiy ish yo‘q deb hisoblardi. Chunki har bir ish insonning hayoti, taqdiri bilan bog‘liq, bu taqdirga esa befarq yoki biryoqlama qarash mumkin emas. Ana shu fazilati, nuqtai nazari tufayli bu inson tezda hamkasblari o‘rtasida nufuzga ega bo‘ldi va yuqori tashkilotlar rahbarlari nazariga tushdi.

Hech kim inkor eta olmaydi. Mustaqillikning dastlabki yillarida jinoyatchilikka qarshi kurashda keng miqyosli tadbirlar amalga oshirildi. Bu reja va loyihaning muallifi aynan O‘zbekiston Bosh  prokurori B.Mustafoyev edi. Bu inson mamlakat rahbariyatiga asl jinoyatning ildizlarini, sabablarini, ularga qarshi kurash yo‘llarini tushuntira oldi. Chunki o‘zi ana shu ruhiyat bilan yashardi. Shuning uchun mustaqillikning huquqiy asoslarini yaratishda tashabbuskor safida tarixda qoldi.

Bo‘ritosh akaning qudrati uning qanoatida, irodasida, ilmida edi. Doim kitob mutolaa qilardi va bizdan ham ana shuni talab etardi. Hanuzgacha biz, hamkasblari (ayniqsa tengdoshlarim) ustozning ana shu turmush tarziga rioya etib kelyapmiz. Bu inson har qanday murakkab vaziyatda ham sabrli, chidamli bo‘ldi, o‘zining haqligiga, haqiqat doimo g‘alaba qozonishiga ishondi, to vafotiga qadar ana shu ishonch bilan yashadi.

B.Mustafoyev O‘zbekiston Prezidenti davlat maslahatchisining o‘rinbosari, Adliya vaziri, Oliy sud raisi, O‘zbekiston Konstitutsion sudi raisi, Markaziy saylov komissiyasi raisi sifatida ishlash jarayonida qonunchiligimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shdi va ko‘plab qonunlarga demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan salmoqli takliflar kirita oldi.

B.Mustafoyev inson sifatida minglab hamkasblari, qolaversa, O‘zbekiston xalqining hurmatini qozona oldi. Chunki u kishining biror davrada birorta yutug‘i yoki mansabi bilan kibrlanganini, birovga baland ovoz bilan gapirganini eshitmaganmiz. Aksincha, soha xodimlarini himoya qilishda, ularni tarbiyalashda bugunga qadar hech kim qilolmagan ishlarni amalga oshirgan edi. Shuning uchun ham yirik davlat arbobi, taniqli huquqshunos, o‘zbekning chinakam farzandi Bo‘ritosh Mustafoyev nomi ko‘plab davralarda, hamkasblar mashvaratlarida, xonadonlardagi suhbatlarda bugun ham hurmat bilan tilga olinadi. Men ham ana shunday ulug‘ insonning shogirdi, ukasi sifatida baqamti ishlaganimdan, ezgu ishlarda hamkorlik qilganimdan faxrlanaman.

Erkin Abzalov,

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi faxriysi, 3-darajali davlat adliya maslahatchisi, yuridik fanlar nomzodi.