O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bizga qanday imtiyozlar beradi? Salbiy tomonlari nimada?

Boku shahrida o‘tkazilgan iqlim bo‘yicha (SOR29) konferensiya doirasida mamlakatimizning Milliy pavilonida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi masalalarida amaliy hamkorlikni mustahkamlashning dolzarb jihatlari ko‘rib chiqildi.  JST bosh direktori mamlakatimizning tashkilotga a’zo bo‘lishi borasida ko‘rilayotgan choralarni yuqori baholadi. O‘tgan yili Ngozi Okonjo-Iveala JST kotibiyati O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini hamda mamlakat yaqin kelajakda tashkilotga qo‘shilishiga ishonch bildirgandi.

 Islohotlarning ajralmasi qismi

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 2023 yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan 78-sessiyasida JSTga muddatidan oldin a’zo bo‘lishni O‘zbekistonning ustuvor vazifasi, deb atagan edi. Ushbu nufuzli tashkilotga a’zo bo‘lish mamlakatimizga qanday imtiyozlarni taqdim etadi? Salbiy tomoni bormi? Milliy qonunchilikni mazkur tashkilot me’yorlari va qoidalariga uyg‘unlashtirish, jumladan, eksport subsidiyalarini bekor qilish bo‘yicha ishlar faol olib borilayotgani, xalqaro savdoni tartibga solish masalalarida o‘zbekistonlik mutaxassislar malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani kelajakda o‘z samaralarini beradimi?

Ta’kidlash kerakki, ayni paytda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish borasida ayrim davlatlar bilan muzokaralarni yakunlash va yaqin yillarda tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikrlar almashilyapti.  Xususan, bir necha kun oldin O‘zbekiston AQSh bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Hozirda tomonlar bozorga kirish to‘g‘risidagi bayonnomani imzolashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu bilan AQSh O‘zbekiston bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan yigirma birinchi davlat bo‘ldi.

Bundan oldin, aniqrog‘i, joriy yilning 26 oktyabr kuni Vashingtonda Jahon banki guruhining yillik yig‘ilishlari doirasida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. A’zolikning mamlakat uchun foydasi tashqi savdoni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, qo‘shimcha sarmoyalarni jalb qilish va iqtisodiy o‘sishni o‘z ichiga oladi. Ishtirokchilarning fikricha, “oldinda katta hajmdagi ishlar turganiga qaramay, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish maqsadiga sodiqligi va keng xalqaro ko‘mak, jumladan, Jahon bankining texnik yordami bilan bu maqsadga erishish mumkin”.

Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonning tashkilotga qo‘shilishi unga 5-7 yil ichida qo‘shimcha 17 foizga iqtisodiy o‘sishga yordam beradi. Davlatimiz rahbari avgust oyida biznes vakillari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda JSTga a’zo bo‘lishni “islohotlarning ajralmas qismi” deb atagani bejiz emas. Zero, biz bu muhim tashkilotga qo‘shilmas ekanmiz, ayrim davlatlarning O‘zbekistonga oid proteksionizm siyosati davom etaveradi, bu esa mamlakatning o‘sish imkoniyatlarini cheklaydi.

Integratsiyalashuv va kapital bozori

O‘zbekistonning tashqi savdo hamkorlarining aksariyat qismi JSTga a’zo mamlakatlardir. Bu davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarda O‘zbekiston uchinchi davlat sifatida e’tirof etilmoqda. Mamlakatimizdan eksport qilingan tovarlarga nisbatan yuqori boj stavkalari hamda notarif tartibga solish usullarining keng joriy etilishi mamlakat eksport salohiyatiga ta’sir ko‘rsatadi. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro savdo qoidalarini ishlab chiqishda ishtirok etmasligi va shu sababli tashqi savdo munosabatlarida muntazam ravishda boshqa davlatlarning diskriminatsion siyosati qoidalariga duch kelishi ham salbiy holatlardan.

JSTga a’zolik eksport, xususan, tayyor mahsulotlar hajmini sezilarli darajada oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ham unutmaslik kerak. Shu maqsadda tegishli chora-tadbirlar ham ko‘rilyapti. Xususan, iyun oyidan boshlab Prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi ta’sis etildi, shuningdek, 20 ta muassasada u bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha bo‘limlar ish boshlaydi. Shuningdek, tashkilot normalariga to‘g‘ri kelmaydigan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish taqiqlandi.

Agar amaldagi iqtisodiy siyosat davom etsa, mamlakatimizning JSTga kirishi faqat vaqtga bog‘liq. Qo‘shilish jarayoni muzokaralar olib borish va milliy qonunchilikni JST qoidalariga muvofiqlashtirishni o‘z ichiga oladi. Ko‘pgina davlatlar allaqachon bu yo‘ldan muvaffaqiyatli o‘tgan. Odatda, JSTga a’zo bo‘lish jarayoni bir necha yildan o‘n yillargacha davom etishi mumkin. Masalan, Xitoy 15 yillik muzokaralardan so‘ng, Rossiya esa 18 yildan so‘ng a’zo bo‘ldi. Bu milliy qonunchilikni moslashtirish, savdo muzokaralarini olib borish va JST a’zolari o‘rtasida konsensusga erishish zarurati bilan bog‘liq. Mamlakatimiz 2026 yilda Kamerunda bo‘lib o‘tadigan 14-vazirlar yig‘ilishigacha JSTga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda.

Albatta, JSTga a’zo bo‘lishni xohlovchi davlat o‘zining savdo-iqtisodiy qonunchiligini tashkilotning xalqaro qoidalariga, jumladan, tariflar, subsidiyalar, intellektual mulk va boshqa jihatlarga oid qoidalarga muvofiqlashtirishi kerak. Masalan, O‘zbekiston tarif to‘siqlarini kamaytirishi, savdo cheklovlarini bekor qilishi va intellektual mulk huquqlari himoyasini ta’minlashi zarur. Savdo siyosatida ham shaffoflikka ehtiyoj bor. To‘g‘ri, bu mamlakat iqtisodiyotiga va uning investitsion jozibadorligiga darhol ta’sir qilmas, lekin bu jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuv va kapital bozorida ishtirok etishning muhim elementidir. Mamlakatda xomashyoni qayta ishlash va qo‘shilgan qiymatning oshishi tufayli tarmoqlar iqtisodiyotning yetakchilari qatoridan joy olishi mumkin. Shu paytgacha qishloq xo‘jaligi va sanoat qo‘shilgan qiymat zanjiriga yetarlicha jalb etilmagan, qayta ishlangan mahsulotlar va xalq iste’moli mollarini emas, balki xomashyo eksportini afzal ko‘rar edi. Masalan, to‘qimachilik sanoati boj to‘siqlarini kamaytirish, xomashyo va texnologiyadan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash hisobiga ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirishi mumkin.

Texnologiya va eksport bozorlariga kirish soddalashadi

Xo‘sh, JSTga a’zo bo‘lish oddiy odamlarga nima beradi? Bu mamlakatning oddiy rezidenti uchun o‘rta muddatli istiqbolda raqobatning kuchayishi va tovarlarning keng assortimentiga kirishi tufayli tovar va xizmatlar sifatining yaxshilanishini anglatadi. Yangi ish o‘rinlari ham paydo bo‘lishi mumkin, mehnat sharoitlari yaxshilanadi. Masalan, import qilinadigan tovarlarga tariflarni pasaytirish narxlarning arzonlashishiga va aholi uchun sifatli tovarlar mavjudligini oshirishga olib keladi.

Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarning “sinishi”ga olib kelmaydi, chunki proteksionizm vositalari hukumat qo‘lida qoladi. JST ushbu vositalardan faqat shaffof va oqilona foydalanish majburiyatini oladi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, a’zolik mahalliy ishlab chiqarishni himoya qilish mexanizmlari, masalan, antidemping va boshqa mamlakatlar tomonidan subsidiyalangan eksportdan himoya qilish choralariga ega. Shuningdek, tashkilotga a’zolik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va fermerlar import urug‘ini sotib olishga majbur qilinishi haqidagi mish-mishlar ham o‘rinsiz. JST sanitariya me’yorlari niqobi ostida savdoda to‘siqlardan foydalanishni rag‘batlantirmaydi va import qilinadigan urug‘lik va naslchilik mollarini sotib olish majburiyatini yuklamaydi. Bu tadbirkorlar uchun erkin tanlov bo‘lib qoladi.

Qolaversa, JSTda ishtirok etish mahsulotlarni qayta ishlash va yuqori sifatli saqlashni kengaytirish imkonini beradi. Sir emas, bugungi kunda mamlakatimizda meva yetishtirishning salmoqli qismi yo‘qolib bormoqda. Shuning uchun sharbatlar, konsentratlar, konservalar va boshqalar ishlab chiqarish iqtisodiyotga foydali ta’sir ko‘rsatadi.

JSTga a’zo bo‘lgach, logistika soddalashtiriladi. Xalqaro standartlar va tartiblarni joriy etish orqali logistikani soddalashtirish mumkin, bu savdo to‘siqlarining qisqarishiga va tovar aylanmasining tezlashishiga olib keladi. JSTga a’zo bo‘lish bojxona boshqaruvidagi islohotlarni, infratuzilmani takomillashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishni nazarda tutadi. Bu esa logistika jarayonlarini tezlashtirish va xarajatlarni kamaytirishga yordam beradi. Yirik kompaniyalar uchun muammo bojxona to‘lovlari hajmida emas, balki import va eksport tartib-qoidalarining shaffofligi va murakkabligi, import imtiyozlaridan foydalanadigan “maxsus importerlar”ning yo‘qligidadir. Bunday imtiyozlarning mavjudligi ichki bozorda narxlarni pasaytirish uchun mo‘ljallanganga o‘xshaydi, lekin amalda bu raqobatni kamaytiradi, chunki hech kim boj to‘lamaydigan kompaniya bilan bir bozorda ishlashni xohlamaydi.

JSTga a’zo bo‘lish davlat tomonidan imtiyozlarga ega bo‘lgan yirik korporatsiyalar va tabiiy monopoliyalarning biznesiga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ammo bunday kompaniyalar muzokaralar jarayonining bir qismidir va ular uchun kutilmagan hodisalar bo‘lmaydi. JST kompaniyalarga o‘z biznes modellari va jarayonlarini bozorni liberallashtirishga moslashtirish imkonini beradigan o‘tish davrini nazarda tutadi. JSTga a’zolik raqobat muhitida ishlayotgan o‘rta, kichik va hatto yirik korxonalar uchun foyda keltiradi, chunki u texnologiya va eksport bozorlariga kirishni osonlashtiradi. Bu tadbirkorlar foydalana olishi kerak bo‘lgan imkoniyat oynasi bo‘ladi. Eski usulda ishlayotganlar raqobatda xorijiy kompaniyalargagina emas, mahalliy, samaraliroq va ilg‘or kompaniyalarga yutqazishi mumkin.

Fuqarolar uchun tovarlarning assortimenti, sifati va mavjudligi asta-sekin kengayadi, yangi ish o‘rinlari ochiladi. Savdoni liberallashtirish daromad o‘sishini qo‘llab-quvvatlaydi. Yoddan chiqarmaslik kerak bo‘lgan asosiy narsa shundaki, bu jarayonlarning barchasi bir vaqtning o‘zida sodir bo‘lmaydi. JST shunchaki vositadir. A’zolikning qanchalar samarali bo‘lishi turli sohalardagi hokimiyat organlari, korxonalar va mutaxassislarga bog‘liq.

Yuqori sur’atlarda iqtisodiy o‘sish kafolati

Masalaning yana bir jihatiga e’tibor qaratsak. Eksportchilarimiz uchun nozik masala — O‘zbekistonning ikki marta quruqlik bilan o‘ralgani. Juda ko‘p davlatlar dengizga tutash yoki bitta davlatni kesish bilan mahsulot ishlab chiqaruvchilar dengizga chiqishi mumkin. Ya’ni, ular o‘zining eksport mahsulotlarini dunyo bozoriga arzon olib chiqa oladi. Biz esa mana shu jihatdan yutqazamiz.

Mahsulotimizni arzonlashtirish uchun birinchi o‘rinda logistika xarajatlarini kamaytirish kerak bo‘ladi. E’tiborlisi, JSTga a’zo bo‘lsak birinchi o‘rinda tariflar kamayadi. Tarif kamaysa, ko‘proq mahsulot kirib keladi. Ko‘proq mahsulot — bu ko‘proq taklif, degani. Ko‘proq taklif — bu arzonroq narx va ko‘proq tovarlar, degani. Mana shu holatda eksportchilar ham yutishi mumkin. Ya’ni, JSTga a’zo bo‘lish orqali arzon mahsulotlar nafaqat iste’molchilarga, balki ishlab chiqaruvchilarga ham yetkaziladi. Xomashyo endi arzonroq kirib kela boshlaydi. Siz biron narsani ilgari 100 dollarga olsangiz, endi o‘sha narsani 80-70 dollarga olishingiz mumkin. Nafaqat bozorning arzonlashishiga, balki ishlab chiqaruvchilarning o‘ziga ham mahsulotning tannarxini arzonlatib, dunyo bozoriga chiqish uchun imkoniyatlar yaratiladi.

Bundan tashqari, investorlarning ham O‘zbekistonga kirishiga ishonch beradi. Ularda O‘zbekistondagi islohotlar ortga qaytmasligi borasida tasavvurlar kengayadi. Bu O‘zbekistonning investitsion jozibadorligini oshiradi. Eksport paytida turli nizolarning oldini olishga yordam beradi, chunki JSTning mojarolarni hal qiladigan qo‘mitasi bor. Shu ma’noda, mamlakatimizning JSTga a’zo bo‘lishi tashqi iqtisodiy siyosatning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, kelajakda O‘zbekiston iqtisodiyoti istiqboli aynan shu jarayonga bog‘liq.

JSTga a’zo mamlakat o‘z savdo sheriklari hamda ichki va xorijiy tovarlar, xizmatlar va shaxslar o‘rtasida diskriminatsiya o‘tkazmasligi kerak. Muzokara orqali mavjud savdo to‘siqlari asta-sekin bartaraf etiladi. Tashkilot qoidalari eksportni subsidiyalash va demping kabi “adolatsiz” faoliyatga to‘sqinlik qiladi. Yetarli darajada rivojlanmagan, o‘tish davrida bo‘lgan davlatlarga maxsus rejimlar taqdim etiladi. Savdo siyosatining halolligi tufayli davlatlararo savdo munosabatlarida nosog‘lom raqobatni inkor etib, sog‘lom raqobat asosida oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirishga undaydi. Yuqorida aytilganidek, JSTga a’zo mamlakatlarning o‘zaro savdo-iqtisodiy munosabatlarida yuzaga keladigan har qanday kelishmovchilik faqat tinch yo‘l bilan, muzokara orqali hal etiladi.

Umuman, JSTga a’zolik O‘zbekistonning yuqori sur’atlarda iqtisodiy o‘sishining kafolati hisoblanadi. Barcha 166 ta a’zo mamlakatning bozorlariga kirish uchun teng huquqli imkoniyat paydo bo‘ladi. Raqobat muhiti yaxshilanadi va monopoliyaning oldi olinishiga erishiladi. Inflyasiya darajasi kamayadi, eksportchilarimizning tashqi savdoda huquqi himoya qilinadi. Ahamiyatli jihati, bizga jahon miqyosidagi savdo siyosati bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida ishtirok etish huquqi beriladi.

Muhiddin Po‘latov,

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori.