O‘zbeklarning belbog‘i belida bo‘lg‘ay
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Azim Suyun hayot bo‘lganida bugun 75 yoshni qarshi olardi.
Azim Suyun 1948 yil 22 fevralda Payariq tumani Nakurt qishlog‘ida dunyoga kelgan.
O‘rta maktabda tahsil olgach, Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida o‘qigan. G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvida mas’ul kotib, «Xalq so‘zi» gazetasida bo‘lim muharriri, «O‘zbekiston ovozi» va «Golos O‘zbekistona» gazetalari bosh muharriri bo‘lib ishlagan.
Uning ijodi o‘tgan asrning 60-yillari oxiri va 70-yillar boshida boshlangan. «Mening osmonim» (1978) nomli birinchi she’rlar to‘plami bilan kitobxonlarga tanilgan.
Shundan keyin shoirning o‘nga yaqin she’riy to‘plamlari va bir qator dostonlari chop etilgan. Jumladan, «Zarb», «Zamin taqdiri», «Xayolot», «Ziyo ko‘li», «Javzo», «Olis tonglar», «Kuyganim-suyganim», “Ey do‘st” kabi she’riy to‘plamlari o‘quvchilarning sevimli kitoblariga aylangan.
Ayniqsa, uning «Sarbadorlar» fojiasi, «O‘zbekiston», «Bir tomchi suv dengizga aylangan kecha yoki Imorat» kabi dostonlari mashhur.
Shoir «O‘zbekiston» dostoni va bir turkum she’rlari uchun Abdulhamid Cho‘lpon nomidagi birinchi xalqaro mukofotga (1991) sazovor bo‘lgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
- Azim aka dunyoga shamolday kelib, shamolday o‘tdi, - deya xotirlaydi shoir va jurnalist Farmon Toshev. - Olis qishloqdagi Nakurt darasi bag‘ridagi toshdan tiklangan oddiy qishloq maktabida tahsil ko‘rib, quyoshday yuragi, tog‘day g‘ururi, yaylovlarday keng mehri bilan o‘zbek adabiyoti maydoniga kirib keldi. Otasi mulla Olim orzularini ro‘yobga chiqarib, mamlakatimizning yetakchi shoirlaridan biriga, Jahon shoirlari Kongressi a’zosiga, el tanigan ziyoliga aylandi. Azim Suyun o‘zining ibratli, shijoatli hayoti, dilbar she’rlari bilan xalqning qalbida mangu yashaydi.
Taniqli shoir 2020 yil 9 mart kuni olamdan o‘tdi.
***
BIR SIR BOR
Bir sir bor ko‘nglimda aytilmagan,
Bir anor… donasi sitilmagan,
Oq qog‘ozga hatto bitilmagan,
Bir sir bor, ey Chechak, ey Gul!
Toqqa aytsam uni tog‘ yorilar,
Gul izlagan kabi bolarilar,
Undan chiqib kelar gulparilar,
Bir sir bor, ey Chechak, ey Gul!
Sunbulaning suvi gulobdir-ku,
Mast bo‘lursan ichsang sharobdir-ku,
Asli hayot siri oftobdir-ku,
Bir sir bor, ey Chechak, ey Gul!
Yirtqich yo‘lbars unga el bo‘ladi,
Bulbul kuylab-kuylab sel bo‘ladi,
Kim oshnodir, chindan yo‘l bo‘ladi,
Bir sir bor, ey Chechak, ey Gul!
Bu kun, Azim, jabrin tortadurman,
Azob dardin chekib yotadurman,
Faqat yolg‘iz senga aytadurman,
Sir qolmas, ey Chechak, ey Gul!
TURONYuRT
Menga ayting, chegara nima?..
Mustabidlar topgan o‘yindir.
Suzib borar ufqda kema,
Butundir Turonyurt, butundir.
Ota moziy qa’riga tortar,
Kim o‘zbek, kim qozoq, yo xundir.
Yuragimga bir tosh zil botar,
Butundir Turonyurt, butundir.
Hasratimning yo‘q erur cheki,
Turon eli bitta budundir.
Qondoshlar qon to‘kishar, lekin
Butundir Turonyurt, butundir.
Na-da Bishkek, na Buxoro u,
Na Hirot, Marv na Istanbuldir.
Yolg‘iz yara, yolg‘iz davo u,
Butundir Turonyurt, butundir.
Tarvaqaylab o‘sgan shox-shabba,
Bir daraxtga aylangan kundir —
Ko‘targum men oftobrang boda,
Butundir Turonyurt, butundir.
***
Yigitlarning sultoni elida bo‘lg‘ay,
O‘zbeklarning belbog‘i belida bo‘lg‘ay,
Ularning or, sha’niga ko‘z tikma, g‘anim,
Kuzgi yaproq misoli paymonang to‘lg‘ay.